Paxtachi tumani hokimligi tadbirkorning o‘sishiga nega to‘sqinlik qilmoqda?

Jamiyat 11:20 / 10.10.2018 22520

Bugungi kunda O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun barcha imkoniyatlar, imtiyozlar va qulayliklar yaratilgan. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga ham tegishli tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Ayniqsa, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar, faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan masalalarni o‘z vaqtida hal etishga alohida e'tibor berilmoqda.

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ham viloyatdagi faoliyatining ilk kunlaridanoq shu masalaga e'tibor qaratdi va haftaning har juma kunini «Tadbirkorlar kuni» deb e'lon qildi. Viloyat rahbari haftaning har juma kuni viloyatdagi tadbirkorlarni shaxsan qabul qilib, ularni qiynayotgan muammolar va asosli e'tirozlarini ijobiy hal etib kelmoqda.

Paxtachi tumani «Shamsi Nazar» mahallasida yashovchi tadbirkor Gavhar Aliyeva ham avgust oyida viloyat rahbari qabulida bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish istagi borligini, imkoniyat berilsa, investitsiya kiritish taklifini aytib, buning uchun bo‘sh bino kerakligini bildiradi. Taklif ijobiy qabul qilinadi va viloyat rahbari xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i S.Xolmatovga masalani o‘rganib, tegishli tartibda hal etish yuzasidan topshiriq beradi.

Tadbirkorga Paxtachi tumani «Shamsi Nazar» mahallasi hududidagi sobiq «Xumor» sanatoriya-profilaktoriya bino va inshootlari tender asosida taklif etiladi.

Shu o‘rinda ayni vaqtda tashlandiq va qarovsiz ushbu maskan haqida to‘xtalib o‘tsak. Bundan qariyb yigirma yillar avval 50 o‘rinli ushbu sog‘lomlashtirish muassasasiga respublikaning turli hududlaridan bemorlar kelib davolangan. Har yili yuzlab bemorlar bel og‘rig‘i, bo‘g‘in astma kasalliklaridan forig‘ bo‘lgan. O‘sha vaqtlarda hududga ko‘rk bag‘ishlab turgan bino ancha yillardan buyon achinarli ahvolda qolgan va deyarli xarobaga aylangan edi.

Tenderda raqobatchi bo‘lmagandan keyin ushbu bino va inshootlarni investitsiya majburiyatlari evaziga nol xarid qiymatida sotish bo‘yicha tadbirkor Gavhar Aliyeva va xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi o‘rtasida 2018 yil 17 avgustda oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.

Shundan keyin Paxtachi tumani hokimiyati qoshidagi komissiya ushbu bino va inshootlarni xatlovdan o‘tkazishi, topshirish va qabul qilish dalolatnomasiga asosan tadbirkor bino va inshootlarni qabul qilib olishi lozim edi.

Ushbu hujjat bir necha kun ichida tayyorlanadi, komissiya a'zolari tomonidan imzolanadi. Hujjat Paxtachi tumani hokimiga imzo uchun taqdim etilganida yo‘qolib qoladi. Ushbu holat yuzasidan Paxtachi tumani hokimligi mutasaddilari bilan suhbatlashdik.

«Biz ushbu hujjatni tayyorladik. Barcha komissiya a'zolari imzolagandi. Hokim imzosiga kiritiladigan hujjatlar orasiga qo‘yganimizda ushbu hujjat yo‘qoldi», – deydi Paxtachi tumani hokimligi yetakchi mutaxassisi Mashrab Rashidov.

Rashidov faqat shu hujjat yo‘qolib qolganini bildirgan. Savol tug‘iladi: Nega aynan shu hujjat? Nahotki hokimlikda bir hujjat «tasodifan» yo‘qolib qolsa?!

Shundan keyin bu hujjatni tayyorlash uchun ancha sarson bo‘lgan tadbirkor hujjatni qaytadan tayyorlab berishlarini so‘rab, tuman hokimligiga murojaat qiladi. Rashidov hujjatni qayta tayyorlashni o‘z zimmasiga olib, komissiya a'zolariga takroran imzolatishga kirishadi.

Ammo dalolatnoma Samarqand viloyati Yer-mulk kadastri davlat korxonasi Paxtachi tumani filiali rahbari, komissiya a'zosi J.Arnaqulov tomonidan dastlab imzolanadi va «negadir» imzo ustidan chiziladi.

Bu holat yuzasidan J.Arnaqulov biz bilan suhbatda tayinli izoh bera olmadi.

Ushbu jarayonda ancha vaqt o‘tadi. Tadbirkor ayolning sarson-sargardonligi davom etadi. Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga umid qilib, naslli qora mollar pavarishlash maqsadida 2018 yil 11 sentabr kuni «Aliyeva Gavharoy Azamatovna» mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etadi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.

Xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar imzolaydi.

Shartnomalar imzolangan. Yaqin kunlarda xorijdan yangi texnologiyalar kirib kelishi kerak. Bino hali tayyor emas. Paxtachi tumani hokimligi esa «yo‘qolib» qolgan hujjatni takroran tayyorlashni paysalga solmoqda. Qolaversa, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasi talablari bajarilishi kechikmoqda. Bu esa tegishli tartibda jarimaga sabab bo‘ladi.

Vaqtni boy bermaslik uchun tadbirkor G.Aliyeva ushbu bino va inshootlarda ta'mirlash ishlarini boshlaydi, tom qismini ochib, faoliyatiga moslab qayta yopish taraddudiga tushadi. Shu jarayonda bino va inshootlardagi qurilish materiallarini ushbu tadbirkor «talon-toroj» qilayotgani haqida ayrim fuqarolar tomonidan shikoyatlar tegishli idoralarga kelib tushadi.

Ushbu holat yuzasidan xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganish olib boriladi.

«Ta'mirlash jarayonida hududdan olib chiqilgan materiallarni joyiga qaytarish yuzasidan tadbirkorga tushuntirishlar berdik. O‘rganishlarimiz davomida bino va inshootlarning tom qismidagi 34ta betonli plita yo‘qligi aniqlandi», – deydi xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i O‘.Mustapov.

Aliyevaning aytishicha, ushbu betonli plitalar ta'mirlash jarayoniga xalaqit bermasligi uchun boshqa hududga ko‘chirib turilgan, tushuntirishlar berilgandan keyin joyiga qaytarilgan.

Tadbirkorning so‘zlarini O‘.Mustapov ham tasdiqladi.

«Vaziyatni bilish uchun keyingi safar kelganimda haqiqatan ham olib chiqib ketilgan materiallar joyiga keltirib qo‘yilgandi. Biz imkon darajasida tadbirkorga ko‘mak beramiz. Paxtachi tuman hokimiyati bilan topshirish-qabul qilish yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilsa, uning qonuniy faoliyatiga hech narsa to‘siq bo‘lmaydi. Biz holat yuzasidan Paxtachi tuman prokuraturasiga ham ma'lumot taqdim etganmiz. Olib chiqib ketilgan materiallarni joyiga qaytarib kelgan, bu bo‘yicha muammo bo‘lmasligi kerak», – deydi u.

«Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi bilan o‘rtadagi shartnomani bajarish lozim. Vaqt esa o‘tib boryapti. Paxtachi tuman hokimiyati dalolatnomani vaqtida tayyorlab berganida bu kabi muammolar bo‘lmas edi. Men vaqtni boy bermaslik uchun ta'mirlash jarayonini boshlab turgandim. Lekin hokimiyat tayyor hujjatni yo‘qotib, takroriysini tayyorlab bermayapti. Buni qanday tushunish mumkin?», – deydi G.Aliyeva.

Ayni vaqtda holat shunday. Tadbirkor investitsiya kiritmoqchi edi. Viloyat rahbari uni qo‘llab-quvvatladi. Ammo jarayon butkul boshqa tomonga o‘zgarib ketdi.

Xo‘sh, Paxtachi tuman hokimligi nega hujjatni «yo‘qotib» tadbirkor faoliyatini qo‘llamadi? Tegishli tashkilotlar va mutasaddilardan izoh kutib qolamiz.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: