Muhtojlarning puliga ko‘z olaytirgan inson qiyofasidagi maxluqlar

Jamiyat 17:10 / 10.10.2018 68135

O‘g‘rilikni Alloh Taolo o‘z muqaddas kitobi Qur'oni Karimda qoralagan va uning ulkan gunoh ekanligini aytgan. Moida surasining 38 oyatida «O‘g‘ri erkak va o‘g‘ri ayolning qilmishlariga yarasha jazo va Allohdan azob sifatida qo‘llarini kesinglar! Alloh qudrat va hikmat egasidir», - deyilgan.

O‘g‘rilik tubanlikning bir ko‘rinishi. U har qaysi zamon va makonda eng yomon illat sifatida izohlangan. Birovning mulkiga ko‘z olaytirish va unga yashirincha ega chiqish - razillikdan boshqa narsa emas. Mehnat bilan erishib tanovul qilgan bir ushoq noningizning mazasi, o‘g‘rilik qilib yegan dunyodagi eng tansiq taomlardan yaxshiroq. 

Imom Ismoil al-Buxoriy o‘z asarida o‘g‘rilik qilayotgan shaxs aynan shu vaqtda imondan chiqadi, mo‘min bo‘lmaydi deb aytganlar. Demak, mabodo shu jarayonda joni chiqib ketsa, Alloh saqlasin, imonsiz ketish hech gap emas. O‘lim va hayot orasi esa bir qadam. Lekin shunga qaramay oramizda birovning haqidan qo‘rqmas kimsalar ham topiladi. 

Ko‘pchilikka ma'lum, KUN.UZ tahririyati tomonidan qiynalgan insonlarga yordam berish uchun xayriya aksiyalari uyushtirib kelinadi. Yaxshilardan Yaratganning o‘zi rozi bo‘lsin – ular muhtoj insonlardan yordamini ayashmaydi. Ba'zi yaxshilarimiz kelib ataganlarini bemorlarimizning qo‘llariga tutqazadi. Ba'zilari esa o‘z plastik kartalaridan bemorning kartasiga pul mablag‘laridan o‘tkazib, ularning ehtiyojini chiqarishadi. 

Mover'da ko‘rish

YouTube'da ko‘rish

Facebook'da ko‘rish

Ammo orada shunday voqealar ham bo‘lib turadiki, guvohi bo‘lgan kimsaning tili lol, o‘zi behol bo‘lib qoladi. Chunki ular ana shunday bemorlarning ayrimlaridan pul o‘g‘irlashdi. Ushbu xayriya aksiyalari «9 yil sport bilan shug‘ullangan Eldor ikki buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda», «Oila suyanchi, oila boshi xastalikka chalinmasin ekan...», «Erining sog‘ayishi uchun kurashayotgan vafodor o‘zbek ayoli» va «4 yoshli bola duosi: «Onamni duo qiling...» sarlavhasi ostida e'lon qilingan edi. O‘g‘rilar ularning mobil telefoniga aloqaga chiqib, pul o‘g‘irlashgan. Biroq yaxshi insonlar ko‘magida pullar o‘z egalariga qaytarildi. 

Voqealarga atroflicha to‘xtalsak. O‘g‘rilar ularning qo‘l telefonidagi «Telegram» ijtimoiy sahifasiga AQSh sim-kartasiga ochilgan profildan aloqaga chiqishgan. Bemorlarga moddiy yordam berishmoqchiligini aytishgan. Buning uchun ular «oson.uz» elektron to‘lov tizimi xizmati asosida yaratilgan platformaga kirib (o‘sha vaqtda u «osononlayn») o‘zlariga qarashli ma'lumotlarni yozishini aytishadi. U yerga shaxsiy ma'lumotlar, plastik raqam rekvizitlari va boshqa ma'lumotlarni kiritishlarini so‘raydi. Yordamga zor bo‘lib turgan sodda bemorlar ular so‘ragan ma'lumotlarni to‘ldirishadi. Natijada ularning telefon raqamiga maxfiy sonlar keladi va uni ham o‘sha platforma bo‘sh katagiga joylashadi. Bundan o‘g‘rilar unumli foydalanishadi va mablag‘ni tez fursatda o‘z hisoblariga o‘tkazishadi. 

Isroil Urunov
Oson.uz direktori

Biroq ular oson.uz kompaniyasi ishlash tizimining barcha imkoniyatlarini hisobga olmagan ekan. Professional xodimlar shubhali pul operatsiyalari uchun alohida dastur ishlab chiqqan bo‘lib, buni dastur osongina topadi va rahbariyatga xabar qiladi. Tezkor sa'y-harakatlar natijasida ularning pul operatsiyalari muzlatiladi. Jabrlanganlarning arizalari asosida ularning pul mablag‘lari tezda egalariga qaytarildi. 

Pul-ku qaytarildi. Lekin tanganing ikkinchi tomoni bor. O‘g‘rilar-chi? Yo‘q, ular hali ushlanmadi. Jabrlangan insonlarga ular 4 kishi ekanini aytishgan. AQShda istiqomat qilamiz deb ham ishontirishgan. Lekin ular O‘zbekistonda ham bo‘lishlari mumkin. Chunki «Telegram» ijtimoiy sahifasining imkoniyati sizga ma'lum. Istalgan raqamga ochilgan sahifadan o‘zga davlatda ham foydalanish mumkin. Tegishli huquqni muhofaza qilish organlaridan o‘g‘rilarni ushlashlarini va tegishli jazo berishlarini kutib qolamiz.

Ruhsatingiz bilan jabrdiyda bemorlarning o‘g‘rilar haqidagi fikrlarini yetkazsam. Zora birovning haqidan qo‘rqmaydiganlar va o‘g‘rilikni boshqa jabhalarda qilib yurganlarga ularning dil azobida aytilgan so‘zlari yetib borsa.“Seni la'natlash yaramaydi. Bilasanmi nega? Chunki sening vujudingni shayton egallagan. Allaqachon la'natlangansan. Qaysi yuz bilan o‘zi zoriqib turgan insonning haqiga ko‘z olaytirding? Oz bo‘lsa ham vijdoning bormi? Ikki dunyoing kuyib ketayotganidan afsuslanmaysanmi, ey inson qiyofasidagi maxluq? Yana shunday ishlarni davom ettirmoqchi bo‘lsang, qayt bu yo‘ldan! Jinoyat doim o‘zidan iz qoldiradi. Nafsingga yengilma. Agar davom etsang, seni «yashil kitob» va sudyaning «bolg‘achasi» kutib turibdi. 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinib, temir panjaralar orqasida qolmagin. Bu faqatgina bu dunyodagi jazo. Oxirat azobining oldida hech narsa emas. O‘zi omonat bo‘lgan qolgan umringni zoye ketkazmagin. Undan ko‘ra, kel, Yaratgan oldida tavba qil, qonunlarga bo‘ysun. Alloh rahmdil. Inshoolloh kechiradi. Noumid faqatgina shayton. Senda umring davomida tavba qilish imkoni mavjud. O‘zingni olovga otma”.

Shu o‘rinda, xayriya aksiyalarida o‘z hissalarini qo‘shgan insonlarga va pulni qaytarishda yaqindan ko‘mak bergan oson.uz jamoasiga bemorlar alohida tashakkur bildirishdi. Allohdan ularga bu dunyoda muhtojlarning mushkulini yengillashtirgani uchun oxiratda ularning mushkulini osonlashtirishini so‘rab qolishdi.

Zafarbek Solijonov

Ko‘proq yangiliklar: