«IT-Life» − biz bilan axborot texnologiyalari yanada yaqin!

Fan-texnika 11:20 / 30.09.2018 4775

Ma'lumki, dunyo millionerlarining 30 foizidan ortig‘ini axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi kishilar tashkil etadi. O‘zbekistonda ham zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga qiziquvchi yoshlar juda ko‘p. Ularni sohaga qiziqtirish, motivatsiya berish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yil boshida mamlakatimiz prezidenti huzurida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbarlarining hisobotida axborot-tahliliy internet kanalini yaratish vazifasi belgilab quyilgan edi. Ushbu internet kanalini tashkil etishdan maqsad axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish va targ‘ib qilish, milliy internet segmentini xolis va ishonchli axborot bilan ta'minlash, davlat manfaatlarini himoya qilish, axborot xurujlariga qarshi «Jaholatga qarshi ma'rifat» tamoyili asosida yagona tizimni yaratish hisoblanadi.

Foto: IT-Life

Ushbu vazifani bajarish maqsadida ham «IT-Life» nomi ostida yangi internet kanal tashkil etildi va joriy yilning 10 martidan boshlab ushbu kanalning sinov efiri ishga tushirildi.

Bugungi kunda onlayn telekanal o‘z faoliyatini mustaqil ravishda boshqarib kelmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida kanalning ijodiy guruhi tomonidan axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalari sohasiga oid 50dan ortiq ko‘rsatuvlar, 10dan ortiq ijtimoiy so‘rovnomalar, ko‘plab hujjatli film va qisqa metrajli mediamahsulotlar, shuningdek, turkum lavha va reportajlar tayyorlandi. Jumladan, qonunchilik vakillari ishtirokidagi «Tet-a-tet» ko‘rsatuvida axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalari mavzusiga doir ko‘plab suhbatlar tashkillashtirildi.

Foto: IT-Life

Ayni damda «Men dasturchiman», «Peshqadam yoshlar», «Gazetalar sharhi» singari ko‘plab turkum ko‘rsatuvlar tayyorlab kelinmoqda. Ulardan maqsad − yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy texnologiyalarga oid yangi ishlanmalarni ommaga tanishtirish, tomoshabinlarning axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalari sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish hamda yoshlarning bilim va salohiyat darajasini yuksaltirish hisoblanadi.

Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalari olamida biznesning o‘rni va ahamiyatini ochib berishga mo‘ljallangan «IT-Biznes» ko‘rsatuvini tayyorlash va uni takomillashtirish ustida ham ijodiy izlanishlar olib borilmoqda.

Foto: IT-Life

Xorijiy telekanallar tomonidan suratga olingan va teletomoshabinlar tomonidan sevib ko‘riladigan «Muhandislik g‘oyalari», «Mega inshootlar», «XXI asr mo‘'jizalari» singari hujjatli filmlar, «Robotlar jangi», «Aqlli shaharlar» kabi turkum ko‘rsatuvlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, tomoshabinlar e'tiboriga havola etib kelinmoqda.

Ma'lumki, «IT- Life» internet telekanali o‘zining ilk rivojlanish bosqichida turibdi. Ayni damda telekanalni mazmunan boyitish, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ko‘rsatuvlarning rang-barangligini ta'minlash maqsadida qator tashkilot va blogerlar tomonidan taklif etilayotgan hamkorlik loyihalari ustida ham ish olib borilmoqda. Ushbu hamkorlikning natijasi sifatida «MY5» telekanalining «XashTag» hamda Janubiy Koreyadagi o‘zbek blogeri Muhammad Rahimovning «Anyong Uzbekistan» singari qiziqarli ko‘rsatuvlarini misol qilib keltirish mumkin.

Foto: IT-Life

Axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalari sohasiga oid eksklyuziv yangiliklar, shuningdek, mahalliy va xorijiy yangiliklar muntazam ravishda «IT-Life» axborot-tahliliy dasturi orqali yoritib borilmoqda. Ommaviy axborot vositalari sohasidagi bu kabi izlanishlar, taqdim etilayotgan ijodiy namunalar «Faol tabirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»ga aynan mutanosibdir.

Foto: IT-Life

«IT- Life» kanali ayni paytda sinov efirini tayyorlab, internet foydalanuvchilari e'tiboriga taqdim yetib kelmoqda. Bugungi kunga qadar telekanal dasturlari umumiy miqdorda 1 000 000 marta ko‘rilgan.

Foto: IT-Life

Kanalimizni www.itlife.uz sayti orqali kuzatib boring.

Shuningdek, sizga qulaylik taqdim etish maqsadida dasturchilarimiz «Android» va «iOS» versiyalari uchun kanalimizning mobil ilovalarini ishga tushirishdi. Siz mazkur ilovalarni «Play Market» va «APP Store»da mutlaqo bepul yuklab olishingiz mumkin. Ushbu ilovaning xizmatlaridan foydalanib, siz kanalimizni onlayn tarzda yuqori sifatda tomosha qilish imkoniga ega bo‘lasiz. Shu bilan birga, o‘zingizga yoqqan ko‘rsatuvni «Tanlanganlar» bo‘limiga qo‘shish orqali ciz uni kunning istalgan vaqtida, istalgan yerda tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.

«IT- Life» − biz bilan zamonaviy texnologiyalarga oid yangiliklarga yaqinroq bo‘ling!

Ko‘proq yangiliklar: