Hozirgi kunda insonlar hayotini yanada yengillashtirish uchun yangidan yangi qurilmalar ishlab chiqarilmoqda. Rivojlangan davlatlar esa yangi davr – to‘rtinchi sanoat revolyutsiyasiga har tomonlama tayyor bo‘lish maqsadida innovatsion g‘oyalar, yangi startap loyihalarni ishga tushirmoqda. Janubiy Koreyada ham yoshlar yangi ixtirolarni hayotga tatbiq etish bilan band.
Mana shunday yoshlardan biri Yonsey universitetining fizioterapiya bo‘limi magistranti, bo‘lajak shifokor Choy Vonsukdir. U imkoniyati cheklangan hamda bemor insonlar hayotini yanada yengillashtirish uchun kompyuter va 3D printer qurilmasidan foydalangan holda Splint and Assistive yordamchi uskunalarini yaratdi. Hozirda Vonsuk o‘z innovatsion loyihasini nafaqat Koreya, balki boshqa davlatlarda ham keng ommaga namoyish etib kelmoqda. Bugungi suhbat orqali qahramonimiz yaratgan yangi qurilmalar haqida yanada yaqinroq bilib olish imkoniga ega bo‘lasiz.
- 3D bosma qurilmalarining mutaxassisi bo‘lib yetishishda nimadan ilhomlandingiz?
- To‘rtinchi sanoat revolyutsiyasi haqidagi maqolani o‘qiy turib, yangi 3D printer haqida bilib oldim. 3D printer yangi texnologiya bo‘lib, ishlab chiqarish sanoati paradigmasini o‘zgartirib yubordi. Juda ham ko‘p afzalliklar meni qiziqtira boshladi. 3D printer texnologiyasi orqali har kim sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘siqni olib tashlaydigan mahsulotni yaratishi mumkin. Bundan tashqari, yangi texnologiya “kichik hajmdagi seriyali qurilmalar ishlab chiqarishga yordam beradi. Mana shunday afzalliklar tufayli 3D printer vositasi imkoniyati cheklangan insonlar uchun har biri o‘z jismoniy xususiyatlariga ega maxsus yordamchi qurilmalar va shinalar yaratishga mos keladi.
- O‘z g‘oyalaringiz va ish tajribangiz haqida so‘zlab bersangiz?
- Asosiy 3D bosma texnologiyalari orqali insonlarni harakatlanishiga ko‘maklashuvchi yordamchi qurilmalar yaratishga harakat qilaman. Hozirgi kunda men qurilmalar ishlab chiqarish uchun 3D skaneri va 3D modellashtirishdan foydalanaman. Shu kunga qadar men barmoqlar, bilaklar uchun shina, ovqatlanishga ko‘maklashuvchi qurilma, g‘ildirak o‘rindiq uchun elektron joystik, 3D orqali sichqon-tayoqcha yaratganman. Har bir qurilma jismoniy qobiliyatlar orqali mustaqil harakatlanishga mo‘ljallangan.
- Yangi raqamli uskunalar nogiron insonlarning hayotini yengillashtirishga yordam beradi. Biroq siz o‘z uskunalaringizni qanday qilib keng ommaga tatbiq etishni maqsad qilgansiz?
- Eng muhimi - marketing. Ajoyib texnologiyalar, zamonaviy uskunalar borligiga qaramay, agar ulardan kerakli insonlar foydalanmasa, bari foydasizdir. Shuning uchun men Facebook, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama qilishni boshladim. Bundan tashqari, yordamchi uskunalarimni namoyish etish maqsadida nogironlar yashaydigan xonadonlarga borib turaman.
- Yaqin besh yil ichidagi maqsad va rejalaringiz?
- Maqsadim – kundalik hayotda uchratishimiz mumkin bo‘lgan imkoniyati cheklangan insonlarga bepul shina va yordamchi qurilmalarni yaratish. Yaqinda Crowd Funding orqali nogiron va nochor insonlar uchun o‘z loyihamni boshladim. Bu orqali men o‘z imkoniyatlarimni kengaytirib, Janubiy Koreyada barcha baxtiyor yashashi uchun o‘z hissamni qo‘shishni istayman. Yaqin kunlarda internet orqali yangi qurilmalar dizaynini ishga tushirib, butun dunyo bo‘ylab imkoniyati cheklangan insonlar men yaratgan yordamchi vositalardan foydalanishlarini istayman, - dedi suhbatdoshimiz.
Koreya ta'lim tizimi bo‘lajak mutaxassislarni har tomonlama yetuk hamda professional etib tayyorlashda innovatsion uslublardan foydalanadi. O‘zbekiston ham ta'lim sohasida yangicha yondashuvlar orqali yoshlarni kreativ loyihalar yaratishga jalb etuvchi o‘quv dasturlarni yo‘lga qo‘yishga e'tibor qaratishi kerak, deb o‘ylayman. Nazariy bilimlar, o‘z navbatida, amaliy tajriba bilan mustahkamlanib, talabalarni ilhomlantiruvchi imkoniyatlar taqdim etishi zarur. Shundagina mamlakat iqtisodiyoti rivojlanib, jahon yoshlari bilan har tomonlama bellasha oladigan yangidan yangi ixtirochilar, tadbirkorlar va ilm-fan namoyondalari paydo bo‘ladi.
Kun.uz muxbiri Feruza Avazova suhbatlashdi