Joriy yilning oktabr oyidan boshlab Terrafugia kompaniyasi o‘zining Transition deb nomlangan uchar avtomobiliga buyurtma qabul qilishni boshlaydi. Ular 2019 yildan sotuvga chiqarilishi aytilmoqda. Terrafugia, shuningdek, uchar avtomobillarini sinovdan o‘tkazish va ishlab chiqarish uchun Nyu-Gempshirdagi Nashua aeroportining bir qismini ijaraga ham olgan. Ayni damda Transition hali sertifikatlashtirilmagan. Bu haqda The Times xabar bermoqda.
Transition o‘zida ikki o‘rindiq va yig‘iluvchi qanotlarni mujassamlashtirgan. Unga yoqilg‘i qo‘ysa ham bo‘ladi, elektr bilan quvvatlantirsa ham. Transition’ning uchish va qo‘nishi uchun yo‘lak zarur bo‘ladi. Bu uni vertikal uchuvchi apparatlarga nisbatan imkoniyatini cheklaydi. Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, uning tezligi soatiga 160 km.ni tashkil etadi. Avtomobil bir quvvatlanganda 640 km masofani bosib o‘tishi mumkin.
Transition’ning narxi haqida aniq gaplar aytilmagan, ammo gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, uning narxi 300 ming dollar etib belgilanishi mumkin. Ayni damda kompaniya uchar avtomobilning dasturiy ta'minoti bilan shug‘ullanmoqda.
Ma'lumot o‘rnida: Terrafugia kompaniyasi 2006 yilda tashkil topgan. O‘tgan yilning noyabr oyida uni Xitoyning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish Geely Automobile’ga qarashli bo‘lgan Geely Holding korporatsiyasi sotib oldi. Ayni damda kompaniyada 200 nafar atrofida muhandis mehnat qiladi.