Shifokor maslahati: Gijja va boshqa parazit kasalliklarining kelib chiqish sabablari, ularni davolash yo‘llari

Jamiyat 21:00 / 24.09.2018 401384

KUN.UZ tahririyati “Sog‘lom hayot” loyihasi doirasida bugungi kunda ko‘p uchraydigan kasalliklar to‘g‘risida ma'lumot berib bormoqda. Bugungi mavzu inson organizmida uchrovchi parazitlar to‘g‘risida.

Odam va hayvonlarning a'zo va to‘qimalari hisobiga yashovchi mayda chuvalchanglar – gijjalar (gelmintlar), ular keltirib chiqaradigan kasalliklar gelmintozlar deyiladi. Kasallik manbai bemor odam va gijjalar bilan zararlangan hayvonlar hisoblanadi. Gijjalar – chuvalchanglar, o‘zining parazitlik hayotini odam organizmida o‘tkazuvchi organizmlardir. Bunda odam yoshi rol o‘ynamaydi - kattalar ham, bolalar ham bir xilda kasallanishi mumkin.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Parazitlar insonga qanday yuqadi?

Shifokorlarning aytishicha, parazitlar turiga qarab turli usullarda yuqishi mumkin. Masalan, askaridalar, asosan, qo‘lini yaxshi yuvmaydigan bolalarda ko‘p uchraydi. Ostrisalar esa odamga iflos qo‘llar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda og‘iz va burunga tushadigan chang orqali ham yuqishi mumkin.

Kasallik belgilari

Gijjalarning xili, soni va qaysi organda parazitlik qilishiga qarab kasallik har xil kechadi. Parazitlar bilan zararlangan odamning vazni kamayadi, qorinda og‘riq, ko‘ngil aynishi, ich ketishi yoki bosh aylanishi, jizzakilik paydo bo‘ladi, deydi biz bilan suhbatda bo‘lgan yuqumli kasalliklar shifokori Saodat Temirova. Gijja ichakda bo‘lsa – ich qotadi yoki ich ketishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish holatlari kuzatiladi. Jigarda bo‘lsa - ko‘z oqi va badan sarg‘ayadi, shish paydo bo‘ladi, badanga har xil dog‘lar tushishi mumkin. O‘pkada bo‘lsa - isitma chiqishi va yo‘tal paydo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, odamning mehnat qobiliyati pasayadi, bolalarda rivojlanish orqada qoladi, yaxshi o‘smaydi, xotira pasayadi, uyqusi notinch bo‘ladi.

Gelmintlarning klassifikatsiyasi juda keng, ayniqsa, issiq iqlimli mamlakatlarda. Hozirda gelmintlarning faqatgina o‘lkamizda keng tarqalganlari haqida yuqumli kasalliklar shifokori Saodat Temirova bilan birgalikda  ma'lumot berishga harakat qilamiz.

LYaMBLYa. Hozirda eng ko‘p uchrayotgan parazit turi bu - lyamblya hisoblanadi. Layamblya – oddiy, sodda jonivor. U o‘zidan o‘zi odam organizmida ko‘payadi. Shifokorimiz Saodat Temirovaning shaxsiy tajribasidan kelib chiqqan fikriga ko‘ra, lyamblyani shikoyat bo‘lsagina davolash maqsadga muvofiq. Lyamlblyaning alomatlari ishtaha bo‘lmaydi, ertalab nonushta qilishga qiynalish, kun bo‘yi och qorinda yurish, bolalarda injiqlik, jizzakilik, ich o‘z-o‘zidan ketishi va qotishi bo‘ladi.

LYaMBLYa

Yuzdagi oq dog‘lar har doim ham gijja alomati emas ekan. Ular zamburug‘dan ham bo‘lishi mumkin. Lyamblyani ko‘pincha klizma qilishadi, holbuki, uni yo‘qotishda klizma qilish befoyda. Chunki klizma lyamblya o‘rnashgan joygacha yetib bormaydi. Lyamblya o‘t yo‘llarida, o‘n ikki barmoq ichagida ko‘proq parazitlik qiladi. Biz taom tanovul qilganimizda, ovqat hazm bo‘lishi uchun, oshqozondan keyin o‘n ikki barmoqli ichakka o‘tadi. Lyamblya o‘n ikki barmoqdagi odam uchun kerakli vitaminlar, minerallar, kaliy, kalsiylar bilan oziqlanadi. Lyamblya qaynatilmagan suv va ichimliklardan yuqishi mumkin. Lyamblyani davolash usullaridan biri uni o‘ldiradigan dori 5 kun ichiladi. Lekin bu dorini berishdan oldin jigarni yaxshilab tekshirish kerak. Keyin o‘lgan lyamblyalarni 5 kun ich surar qilib tushirish lozim. 20 kun yoki 1 oy o‘t haydovchi (makkajo‘xori popugi)ni  berilsa, lyamblya o‘lib ketadi. Lyamlblya yotib davolanishga muhtoj emas, deya o‘z maslahat va tavsiyalarini aytib o‘tdi shifokorimiz Saodat Temirova.

OSTRITsA. Bolalarda eng ko‘p uchraydigan parazit – ostritsa (oddiy gijja), enteribioz kasalligini chaqiradi. Ushbu gelmintlar katta bo‘lmagan o‘lchamda o‘rtacha 1 sm, oq-kulrang rangda, egilgan tanali bo‘ladi.

OSTRITsA

Bu parazitlarning joylashish joyi yo‘g‘on ichakdir, ba'zida ular ingichka ichakning pastki qismida ham joylashishi mumkin. Ostritsaning ko‘payishi anal teshigi terisi atrofida kechadi. Tunda ostritsa urg‘ochisi tuxumlarini qo‘yish uchun teri burmalariga boradi, qiz bolalarda ko‘pincha qin lablariga ham o‘tadi. Ushbu gelmintlar 1-1,5 oy hayot kechiradi. Bola o‘z-o‘zini zararlashi uning yillar davomida bezovtalanib yurishiga sabab bo‘ladi. Parazitni oddiy (qurollanmagan) ko‘z bilan najasda ham ko‘rsa bo‘ladi. Ostritsaning oshqozon va ichaklarga tushishi, organizmning parazit bilan zararlanishi deganidir. Ostritsa tuxumlari tashqi muhitga ifloslangan najas bilan tushadi. Tuxumlarning tashqi qobig‘i noqulay muhitga chidamli va hajmi juda kichik. Bola atrof-muhitni o‘rganish, jismlarning ta'mi va tarkibini bilish maqsadida qo‘llari bilan har narsani ushlab ko‘radi hamda ularni og‘ziga olib boradi. Shu yo‘l bilan ostritsaning tuxumlari o‘zining “bo‘lajak kichik xo‘jayini” organizmiga tushadi. Ostritsa 20 sm.dan 40 sm.gacha bo‘ladi. 21 kun davomida yashaydi. Ostritsani davolashning eng oson yo‘li tozalikka e'tibor berishdir.

ASKARIDA. Parazitlardan yana bir keng tarqalgan, bolalarda ko‘p uchraydigan turi – askarida. Bu nematodalar o‘lchami 15 sm.gacha yetadi. Parazit ingichka ichaklar qovuzlog‘ida joylashib olib, tushayotgan ovqatlarni yeb qo‘yadi. Askarida najasga kamdan-kam hollarda tushadi. Urg‘ochi askarida tuxumlarini najas analizida topish mumkin. Agar najas tahlilida tuxumlar topilmasa, bu degani bola askarida bilan zararlanmagan degani emas. Askaridaning hayot sikli bir necha yillarga yetishi mumkin.

Bola organizmi kurashish qobiliyati past bo‘lganligi sababli parazit bemalol ko‘paya oladi. Gijjalar bilan yuvilmagan mevalar va ifloslangan suv orqali zararlanishi ham mumkin. Ko‘pincha zararlanish bolalarning hayvonlar bilan muloqotida, ular axlati tushgan tuproq va qumlarda o‘ynaganda ham kuzatilishi mumkin. Bolalar ko‘chada o‘ynab kelganidan so‘ng qo‘llarini yuvishmaydi, parazitlar bu vaqtda organizmga tushadi. Shuning uchun barcha bolalar yashash sharoiti va tarbiya muhitidan qat'iy nazar birday zararlanishi mumkin.

Aniqlash usullari

Bola zararlangandan keyin va birinchi belgilar paydo bo‘lganda, parazitlarga gumon qilinganda quyidagi tadbirlar o‘tkazilishi shart:

  • Najas analizi 3 marta olinadi, oralig‘i bir necha kun bo‘lishi kerak;
  • Qonning gelmintlarga analizi;
  • Qonning umumiy tahlili (ostritsa tuxumlariga);

Qo‘shimcha tekshiruv sifatida:

  • Ichki a'zolar UTTisi;
  • Rentgenografiya;
  • KT va MRT;

Bu tekshiruvlar parazitlarning boshqa organlarda joylashgan joylarini aniqlab beradi.

Eslatma
Kasallik xar bir odamda individual tarzda kechadi, shuni hisobga olgan holda, qanday davolanish muolajasini olishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishni unutmang! Yilida ikki marta o‘zingizga vaqt ajratib, shifokorga murojaat qilib, tekshirtirib tursangiz hamda asosiysi gigiyena va tozalikka e'tibor qilsangiz parazitlar sizni bezovta qilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: