Turizm qo‘mitasi sohadagi imtiyoz va preferensiyalar haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston 16:53 / 20.09.2018 3613

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sohadagi imtiyoz va preferensiyalar haqida ma'lumot berdi.

Qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, mehmonxonalar va shunga o‘xshash joylarni qurish sohasida yuridik shaxslar 5 yil muddatga daromad solig‘i, yer solig‘i va mulk solig‘ini, shuningdek, darajasi kamida 4 yulduzli bo‘lgan, tegishli tartibda sertifikatlangan mehmonxonalar va motellar foydalanishga topshirilganida yagona soliq to‘lovidan ozod etiladi.

Shuningdek, yuridik shaxslar mehmonxonalar va motellarni qurish hamda rekonstruksiya qilishda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanuvchi ro‘yxat bo‘yicha asbob-uskuna, texnik, butlovchi qismlar, ehtiyot qismlarini olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) 5 yil muddatga ozod bo‘ladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub'yektlariga yangi mehmonxonalar va turistik infratuzilmaning boshqa obektlarini qurish hamda modernizatsiya qilishda uzoq muddatli kreditlar (15 yilgacha) ajratiladi. Bunda kreditni qaytarishning ixcham shartlari va foizlari, mehmonxonalarning mavsumiy yuklamasi, kapital hajmi nazarda tutilgan.

Darvoqe, turizm rivoji uchun yuqori salohiyatga ega tumanlar va shaharlarda joylashgan, foydalanilmaydigan yer uchastkalari muhandislik kommunikatsiyalari bilan Davlat turizm qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari hamda ehtimoliy investorlarga turizm sohasida loyihalarni amalga oshirish maqsadida (mehmonxona, mehmon uylari, kempinglar, motellar va boshqa joylashtirish joylari, maxsus parklar, muzeylar, galereyalar) umumiy maydoni har bir mintaqada 20 gektardan kam bo‘lmagan 20tadan yer uchastkalari hisobidan ustuvorlik asosida taqdim etiladi. 

Umumbelgilangan soliqlarni to‘lovchi yirik mehmonxona xo‘jaliklari soliq yuklamalarini kamaytirish maqsadida xodimlari shtat birligi 100 kishigacha bo‘lganda yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tish imkoniyati taqdim etilgan.

100 million so‘mgacha summaga soliq solinuvchi baza pasaymoqda - 2020 yilning 1 yanvariga qadar bo‘lgan muddatda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning zamonaviy sanitariya-gigiyena uzellarini kapital ta'mirlash va qurilishi, rekonstruksiyasiga yo‘naltiriluvchi xarajatlari.

Ko‘proq yangiliklar: