Ronaldu nega yig‘ladi. Gvardiola nega yig‘lamadi. YeChLda ikkinchi kun voqealari

Sport 13:30 / 20.09.2018 40242

Chempionlar ligasida yana 4 guruhda birinchi tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Krishtianu Ronaldu «Yuventus» bilan YeChLdagi debyutini muvaffaqiyatsiz boshladi. Portugaliyalik futbolchi 30-daqiqadayoq qizil kartochka olib, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.

Krish bilan nima bo‘ldi?

Foto: Manuel Queimadelos Alonso/Getty Images

H guruhi
«Valensiya» - «Yuventus» - 0:2
 (Pyanich, 45 – penalti. Pyanich, 51 – penalti)

Biroz tanaffusdan keyin Ronaldu Ispaniyaga qaytdi. U o‘yinni yomon boshlamadi - raqib darvozasiga doimiy ravishda xavf solib turdi. Manjukich uchun golli vaziyatlar yaratib, jamoa yetakchisi ekanini ko‘rsatib turdi.

Ammo mezbonlar Ronalduning kuchli ishtiyoqidan foydalanishdi. 29-daqiqada Murilo u bilan kichik kontaktdan keyin gazonga yiqildi. Neymardan oldin futboldagi «eng katta artist» bo‘lgan portugaliyalik futbolchini esa raqibning ayyorligi g‘azablantirdi. U qo‘llari bilan gazonda yotgan raqibni turtkilab, baqira boshladi va buning ortidan qarshisida qizil kartochka ko‘targan Feliks Brixni ko‘rdi. Hakam bu vaziyatni ko‘rgani yo‘q. U ancha vaqt yon hakam bilan maslahatlashib turgach, o‘ta bahsli qaror qabul qildi –hujumchiga qizil kartochka ko‘rsatdi. Bu Ronalduning 15 yilda ilk marta Chempionlar ligasida qizil kartochka olishi bo‘ldi.

Bu Ronalduning YeChLda yangi klubidagi eng yomon debyutidir. 2003 yili u «MYu» bilan YeChLdagi ilk o‘yinida «Shtutgart»ga qarshi o‘yinda penalti ishlagandi (1:2), 2009 yili «Real» safida «Tsyurix»ga qarshi o‘yinda dubl qayd etgandi (5:2).

Turinliklar bir kishi kam bo‘lib, Xedira jarohat olib, majburan maydonni tark etishiga qaramasdan, birinchi bo‘limdayoq ustunlikka erishishdi. 45-daqiqada Dani Parexo jarima maydonchasi ichida Kanseluga qarshi xavfli harakatidan keyin Brix mezbonlar darvozasiga penalti belgiladi va Pyanich hisobni ochdi. Bosniyalik futbolchi ikkinchi bo‘lim boshida ham 11 metrlik nuqtadan ikkinchi golni urdi. Ikkinchi vaziyatda Murilo raqibni qo‘pollik bilan to‘xtatgandi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarning oltinchisida Brix yana bir penalti belgiladi. Ammo Dani Parexo Voysex Shesniga qarshi duelni yutqazdi.

«Yang Boyz» - «Manchester Yunayted» - 0:3 (Pogba, 35. Pogba, 44 – penalti. Marsiyal, 66)

Foto: Squawka

Guruhda parallel kechgan ikkinchi bahsda shveysariyaliklar «MYu»ga qarshi hech narsa qila olishmadi.

«MYu» bunga qadar YeChL doirasida Shveytsariyaga ikki bor kelishgan, manchesterliklar 2011 va 2017 yillarda «Bazel»ga qarshi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchragandi.

O‘yinning boshida mezbonlar hujumda o‘ynashdi, ammo natija bo‘lmadi.

Joze Mourino bu o‘yinga jamoaning yangi futbolchisi, 19 yoshli Diyego Dalotni tushirib, ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Portugaliyalik murabbiyning vatandoshi uchun debyut muvaffaqiyatli chiqdi. Ammo o‘yin qahramoni fransiyalik futbolchi bo‘ldi.

Birinchi bo‘limning ikkinchi qismida mehmonlar faollikni oshirishdi. Oxirgi vaqtlarda ko‘p marta tanqidga uchragan Pogba avvaliga chap oyog‘i bilan to‘pni darvozaning yuqori burchagiga joyladi. Tanaffus arafasida shveysariyaliklar himoyachisi Mbabu to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va belgilangan penaltini Pogbaning o‘zi sovuqqonlik bilan amalga oshirdi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Pogbaning pasi evaziga Marsiyal hisobdagi ustunlikni yanada oshirdi - 3:0. Endi Mourino Pogbadan mamnun.

2 oktabr. «Yuventus» – «Yang Boyz», «Manchester Yunayted» – «Valensiya».

Sanshesh «Benfika»ga golini nishonlamadi

Foto: Squawka

E guruhi
«Ayaks» – AYeK – 3:0 (Talyafiko, 46. van de Bek, 77. Talyafiko, 90)

Talyafikoning 46-daqiqada greklar darvozasiga urgan goli Messining PSV darvozasiga urgan golini eslatib yubordi. Bir argentinalikdan ikkinchisiga salom.

Greklar asabiylashib, follar qila boshlashdi, birinchi bo‘lim oxirida van de Buk «Ayaks»ning ustunligini oshirdi. 90-daqiqada Talyafiko ikkinchi golni urib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.

«Benfika» - «Bavariya» - 0:2 (Levandovski, 10. Renatu Sanshesh 54)

O‘tgan mavsumda YeChLni o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan portugallar saralashda ajoyib o‘yin namoyish etishdi. Ammo «Bavariya» klass evaziga g‘alaba qozondi, 10-daqiqadayoq Levandovski hisobni ochdi.

Tanaffusdan keyin lissabonliklar jamoasini sobiq tarbiyalanuvchisi Renatu Sanshesh jazoladi. U qarshi hujumni o‘zi boshlab, ajoyib gol bilan yakunladi. 2016 yilgi Yevropa chempionatining eng yaxshi yosh futbolchisi «Bavariya» safidagi ilk golini ikki yil o‘tib urishga muvaffaq bo‘ldi.

2 oktabr. AYeK – «Benfika», «Bavariya» – «Ayaks».

Beqaror Donetsk va fransuzlarning Angliyadagi g‘alabasi

Foto: Squawka

F guruhi
«Shaxtyor» – «Hoffenhaym» – 2:2
 (Ismaili, 27. Maykon, 81 – Grillich, 6. Nordtveyt, 38)

O‘tgan mavsumda nimchorak finalda o‘ynagan «konchilar» uchun o‘yin muvaffaqiyatsiz boshlandi. 6-daqiqadayoq mehmonlar hisobda oldinga chiqib olishdi, Grillichning ohista zarbasi Pyatovning oyoqlari orasidan o‘tdi. Goldan so‘ng nemislar yana xavfli hujumlar uyushtirishdi, ammo Salai bir necha marta qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi. Ismaili bo‘lim o‘rtasida hisobni tenglashtirdi, ammo nemislar birinchi bo‘lim oxirigacha yana bir gol urishdi.

Ikkinchi bo‘limda «Hoffenhaym» hisobni ushlab qolish uchun o‘ynadi. Ammo o‘yin oxirida Maykon burchak zarbasi amalga oshirilgan vaziyatda to‘pga ega chiqib, jarima maydonchasi tashqarisidan kuchli zarba bilan muvozanatni tikladi. U jamoasiga g‘alaba keltirishi ham mumkin edi, ammo uning o‘yinning oxirgi daqiqalarda bergan zarbasi himoyachidan qaytdi.

«Manchester Siti» – «Lion» – 1:2 (Bernardu Silva, 67 – Korne, 26. Fekir, 43)

Gvardiolaning mag‘lubiyati - birinchi turning bosh sensatsiyasi bo‘ldi. Jyenezo yosh hamkasbiga tartibli o‘yin saviyadan ham ustun kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. «Shaharliklar» kuchli ekaniga shubha yo‘q, ammo «Lion» o‘yinni namunali boshlab, namunali yakunladi. Fekirning goli va golli uzatmasi jamoaga himoyada xotirjam o‘ynashni kafolatladi.

Ammo bunday mexanizm ham goldan saqlay olmadi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilgan Sane ikki raqibni ortda qoldirib, qulay vaziyatda turgan Bernardu Silvani golli pas bilan ta'minladi. Inglizlar bundan ortig‘iga qodir bo‘lishmadi. «Lion» boshqa vaziyatlarda mardonavor turib berdi va 3 ochko bilan qaytadigan bo‘ldi.

Endi «Manchester Siti» Chempionlar ligasining ketma-ket 4 ta o‘yinida yutqazgan tarixdagi birinchi ingliz klubiga aylandi. Gvardiola esa sabab bo‘lsada, Ronalduga o‘xshab yig‘lamadi. 

2 oktabr. «Hoffenhaym» – «Manchester Siti», «Lion» – «Shaxtyor».

«Real» to‘rtinchi chempionlik sari

Foto: Squawka

G guruhi
«Real» - «Roma» - 3:0

Gollar: Isko, 45 (1:0), Beyl, 58 (2:0), Mariano, 90+1 (3:0)

Guruhda «Real» yaqqol favorit. Amaldagi chempion bo‘lmish «Qirollik jamoasi» Xulen Lopetegi boshchiligida YeChLning bu mavsumidagi ilk uchrashuvni katta ustunlik bilan o‘tkazdi. 

«Real» darvozasini bu o‘yinda Keylor Navas qo‘riqladi. Lopetegi bu orqali Ispaniya chempionati o‘yinlariga Tibo Kurtuani, kubok o‘yinlariga kosta-rikalik darvozabonni tanlaganini ko‘rsatdi. Navas ishonchni oqladi va «Roma»ga qarshi o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqladi.

«Real» birinchi bo‘limda katta ustunlikka erishdi va tanaffusga qadar hisobni ochdi. Isko o‘zi ishlagan jarima zarbasini aniq amalga oshirdi. Ikkinchi bo‘lim davomida madridliklar o‘ziga xos uslubda qarshi hujumga chiqishdi, Modrich kesik pas bilan Beylni oldinga tashladi va uelslik futbolchi o‘z tezligini namoyish etib, himoyachilar va darvozabonni dog‘da qoldirdi. Uelslik futbolchi «Real»ning bu mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchisi bo‘lib turibdi. Madridga hech qanday Krishtianu Ronaldu kerak emas! Buni o‘yin oxirida Mariano Dias, jamoada Ronaldudan qolgan 7-raqamli futbolkani olgan yosh hujumchi ham isbotladi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan hujumchi chiroyli gol bilan yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Qayd etish kerakki, «Real» bu natija bilan rekord o‘rnatdi, jamoa yevrokuboklarda ketma-ket 43 o‘yinda gol urib kelmoqda.

«Viktoriya»  – TsSKA – 2:2 (2:0) 
Gollar: Krmenchik, 29 (1:0). Krmenchik, 41 (2:0). Chalov, 49 (2:1). Vlashich, 90+5 -penalti (2:2). 

Foto: Sport Ekspress

TsSKA Chempionlar ligasining 1-turida Chexiyaning «Viktoriya» klubi maydoniga safar qilib, o‘yin oxirida urilgan gol evaziga ochko oldi. Mixael Krmenchikning dubliga armiyachilar Fedor Chalov va Nikola Vlashichning gollari bilan javob qaytardi. Vlashich golni 95-daqiqada penaltidan urdi.

85-daqiqada Timur Jamaletdinovning zarbasidan keyin to‘p maydon egalari darvozasidan joy olgandi, ammo fransiyalik arbitr Benua Basten moskvaliklarning golini inobatga olmadi. Qo‘shimcha daqiqalarda Jamaletdinov yana bir marta to‘pni darvozaga joyladi, ammo hakam ofsayd qayd etdi. Mehmonlar faqat uchinchi urinishda hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Ko‘proq yangiliklar: