Manzil-koloniyada jazoni o‘tab turib bosqinchilik qilgan shaxsga hukm o‘qildi

Jamiyat 17:13 / 20.09.2018 12775

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati, Kogon shahar sudining 2018 yil 14 sentabrdagi hukmiga ko‘ra, Asqar Ravshanovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 164-modda 3-qismi “v” bandi bilan Jinoyat kodeksi 60-moddasiga muvofiq, 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud hukmida qayd etilishicha, A. Ravshanov Buxoro viloyat IIB JIEBga qarashli 85-sonli jazoni ijro etish muassasida jazo muddatini o‘tab kelib, 2018 yil 6 iyun kuni soat 11:00 larda bosqinchilik yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini talon-taroj qilish maqsadida unga ilgaridan tanish bo‘lgan, G‘ijduvon tuman “Chag‘dari” qishlog‘ida yashovchi hamqishlog‘i G‘. Safarovning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

G‘. Safarovning turmush o‘rtog‘i Ziyodullayeva Zulfizar Baxtiyorovnaning uyida yolg‘iz ekani va uning homilador ekanligini bilgani holda Z. Ziyodullayevaga hujum qilib, o‘zi bilan olib borgan kishining hayoti uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan oshxona pichog‘ini qurol sifatida namoyish qilib, uni qo‘llab, hayot va sog‘lik uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib Z. Ziyodullayevaning badani va turli joylariga qo‘llari bilan urib, unga tan jarohati yetkazib, undan pul va tilla taqinchoqlarini berishini talab qilgan.

Z. Ziyodullayeva uyida pul va taqinchoqlari yo‘qligini aytib, unga qarshilik ko‘rsatib, atrofdan yordam so‘rab shovqin ko‘targani oqibatida A. Ravshanov moddiy qimmatliklarni olishga ulgurmasdan voqea joyidan yashiringan.  

A. Ravshanov muqaddam bir necha marotaba sudlangan, jumladan, oxirgi marotaba ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab turgan chog‘ida jabrlanuvchining o‘limiga sababchi bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazgani uchun 8 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

A. Ravshanovning ilgari ham qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanib, ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni o‘tash vaqtida yana qasddan homiladorligi o‘ziga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan jinoyat sodir etganligi hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi barcha holatlarni inobatga olgan holda qonun doirasida jazo tayinlandi.

Ko‘proq yangiliklar: