Ko‘zi ojizlar kutubxonasining filiallari tashkil etiladi

O‘zbekiston 18:51 / 20.09.2018 2817

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda ko‘zi ojizlar kutubxonalari faoliyatini rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi, deb yozmoqda “Huquqiy axborot” kanali.

Dasturga binoan, maxsus axborot-kutubxona muassasalari tomonidan axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘liq qamrab olinishi maqsadida respublikadagi 1, 2 va 3-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxati shakllantiriladi hamda har uch yilda yangilab boriladi.

Shakllantirilgan ro‘yxat asosida 250 nafar ko‘zi ojiz shaxslar yashaydigan tuman (shahar)larda yangi ko‘zi ojizlar kutubxonasi filiallarini tashkil etish nazarda tutilgan.  

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan kitobxonlar o‘rtasida “Eng faol kitobxon”, “Brayl yozuvida tez va ifodali o‘quvchi kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon oila” kabi ko‘rik-tanlovlarni muntazam va bosqichma-bosqich o‘tkazib borish, shuningdek, Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasida Brayl yozuvida adabiyotlar chop etish uchun tipografiya hamda audio kitoblar yaratish maqsadida ovoz yozish studiyasini ochish rejalashtirilgan.

Qaror bilan axborot-kutubxona muassasalariga kelishga imkoniyati yo‘q foydalanuvchilar uchun Internet orqali audio kitoblardan foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ko‘chma kutubxonalar tashkil etish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: