Qashqadaryoda paxta yig‘im-terim mavsumida paxtakorlarga qancha haq to‘lanishi ma'lum qilindi

Jamiyat 16:34 / 20.09.2018 24218

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi “2018 yil paxta hosili xom ashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Qashqadaryo viloyatida ham yig‘im-terim mavsumi boshlab yuborildi. Bu haqda KUN.UZ’ga viloyat hokimligini Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan 19 sentabr kuni viloyatning Qarshi tumanida va Mirishkor tumani “Jyeynov paxta tozalash” AJda dastlabki hosil ortilgan karvonlarni qabul qilishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi va qishloq xo‘jaligiga aloqador idora-korxonalar mas'ullari, fermer xo‘jaliklari boshliqlari,  nuroniy oqsoqollar hamda mexanizatorlar, hasharchilar  qatnashdi. Tadbir qatnashchilariga dasturxon yozilib, osh tortildi.

Mazkur  tadbirlarda qatnashgan viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev so‘zga chiqib, joriy 2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qaroriga asosan,  paxta xom ashyosining qo‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda-kontraktatsiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so‘m, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha 850 so‘m, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda 1000 so‘m mehnat haqi to‘lash belgilanganligini, qolaversa, shu mavsumdan boshlab paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan shaxslarga yaratilgan imtiyozlar haqida ma'lumot berdi. 

Yana bir jihatga ham e'tibor qaratish joizki, joriy yilda viloyatning Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida (paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha 150 so‘m, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 so‘m, jami 300 so‘m ustama haq to‘lanishi nazarda tutilgan.

Bu degani, boshqa tumanlarda birinchi terimdagi qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun 650 so‘mdan pul berilsa, viloyatda yetishtiriladigan paxtaning katta qismini yetkazib beradigan Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida bu miqdor mavsum boshida 950 so‘mni, keyinroq 1150 so‘mni, oxirgi terimlarda esa 1300 so‘mni tashkil etadi.

Shu kuni Mirishkor tumani “Jyeynov paxta tozalash” AJda dastlabki o‘lchovda 300 tonnadan ortiq hosil ortilgan “oq oltin” karvonlari tarozidan o‘tdi. E'tiborli jihati, tumanda barcha paxta qabul qilish maskanlari elektron tarozi va zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan. Yettita tirkama telejkada ortilgan hosil 21 tonna tosh bosdi. Ma'lum bo‘lishicha, dastlabki terimdayoq gektarlar hosildorligi 40 sentnerdanni tashkil etib, har ikkala fermer xo‘jaligi ham reja-topshiriqni oshirib bajarishga muvaffaq bo‘lishdi.

Har ikkala tumanda mehnat faxriylari va nuroniylar boshchiligida tadbir qatnashchilari mavsum betalafot o‘tishi va hosil mo‘l bo‘lishini tilab, duoga qo‘l ochishdi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: