Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha «Taraqqiyot» respublika tanlovi o‘tkaziladi

O‘zbekiston 10:29 / 20.09.2018 4162

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini ta'minlash, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashish maqsadida har 3 yilda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi o‘kaziladi.

Tanlovda tayanch oliy ma'lumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yillik ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan (45 yosh ham qo‘shilgan holda) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

“Taraqqiyot” respublika tanlovida talabgorlar 16 ta nominatsiya bo‘yicha o‘z sohasidan kelib chiqib ishtirok etishi mumkin. Xususan:

1. Davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi. 
2. Sud-huquq sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
3. Moliya-kredit sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
4. Sanoat sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
6. Qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
7. Arxitektura va qurilish sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
8. Kommunal xo‘jalik sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
9. Soliq va bojxona sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
10. Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
11. Ta'lim, fan va innovatsiya sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
12. Sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
13. Madaniyat, san'at va sport sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
14. Tashqi siyosat, tashqi iqtisodiy faoliyat va turizm sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
15. Makroiqtisodiyot va hududiy rivojlanish sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
16. Transport va logistika sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

Davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishtirokchilarning tanlovda ishtirok etish davrida egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.

Tanlov g‘oliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi. Tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazi bazasida tegishli sohaga oid vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda olimlar ishtirokida o‘tkaziladigan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka o‘tashni o‘z ichiga oladigan «Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi»ga muvofiq uch oylik kurslarda o‘qiydi.

Tanlov g‘oliblari «Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi»ga muvofiq uch oylik kurslarni o‘tagandan keyin tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar 2018 yilning 1 oktabridan 30 oktabriga qadar onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Batafsil ma'lumot taraqqiyot-tanlov.uz portalida joylashgan.

Ko‘proq yangiliklar: