«Ginnessning rekordlar kitobi»ga kirgan sahna asari Toshkentda namoyish etiladi

Jamiyat 22:21 / 20.09.2018 5452

Sergey Obraztsov nomidagi Rossiya davlat markaziy akademik qo‘g‘irchoq teatri joriy yilning 19-21 oktabr kunlari O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatrida o‘zining musiqiy dasturini yurtimiz san'at muxlislariga taqdim etadi. 

«Toshkentda Rossiya Federatsiyasining musiqiy, teatr jamoalari, san'at namoyandalarining ijodiy safarlarini muntazam o‘tkazish yaxshi an'anaga aylangan. Ayni paytda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri, O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatri, O‘zbekiston yoshlar teatri jamoalari Rossiyada o‘tadigan festivallar, ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda», deyiladi O‘zA xabarida.

Mashhur qo‘g‘irchoq teatri jamoasi 1931 yilda san'at arbobi Sergey Obraztsov tomonidan tashkil etilgan. Turli ijodiy eksperimentlar, musiqa, zavqli satira, asarlarni sahnalashtirish jarayonidagi o‘ziga xos yondashuv jamoa faoliyatida ustuvor o‘rin egallaydi. 

«Teatrning kattalar uchun mo‘ljallangan, qo‘g‘irchoqlar ijrosining bor imkoniyatlarini namoyish etuvchi «G‘aroyib konsert» («Neobyknovennyy konsert») nomli afsonaviy spektakli parodiyali hazil uslubidagi tomosha bo‘lib, 19 va 20 oktabr kunlari namoyish etiladi. Sergey Obraztsov hamda Semyon Samodur asari asosidagi ushbu zavqli spektaklning ilk premerasi 1946 yilda yaratilgan bo‘lsa-da, u hanuz sahnalardan tushmay kelmoqda. 10 ming marotabadan ortiq o‘ynalgan ushbu mashhur spektaklni musiqachi va raqqosalar, sirk ustalari va ko‘zboylag‘ichlarga quvnoq taqlid etilgan tomosha, deyish mumkin. Ushbu sahna asari ko‘plab shaharu yurtlarni aylanib chiqib, XX asrning eng mashhur spektakllari sirasidan hamda «Ginnessning rekordlar kitobi»dan o‘rin olgan», deyiladi xabarda. 

21 oktabr kuni esa jajji tomoshabinlar uchun Samuil Marshakning «Mushukchaning uyi» («Koshkin dom») spektakli namoyish etiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: