«Arsenal», «Chelsi» va «Milan» ham bahsga kirishadi. Yevropa Ligasida asosiy intrigalar

Sport 17:40 / 20.09.2018 6914

20 sentabr kuni Yevropa Ligasida ham guruh bosqichi boshlanadi. Chempionlar Ligasidan quruq qolgan «Chelsi» Gretsiyada PAOK mehmoni bo‘lsa, Unai Emeri boshchiligidagi «Arsenal» o‘z uyida Ukrainaning «Vorskla» klubini qabul qiladi. «Milan» jamoasi esa Lyuksemburgga safar qiladi va yevrokuboklarda debyutini o‘tkazadigan «Dyudelanj»ni sinovdan o‘tkazadi. Turnir favoritlaridan biri «Sevilya»ning birinchi raqibi Belgiyaning «Standard» klubi bo‘ladi.

«Tribuna» darajasi bo‘yicha Yevropaning ikkinchi o‘rindagi musobaqasidagi asosiy intrigalarni keltiradi.

Promes uchun turnir

«Sevilya» qatorasiga 3 marta Yevropa Ligasi g‘olibi bo‘lganidan keyin bu turnirda ko‘rinish bermayotgandi. Andalusiyaliklar bunday natijani Unai Emeri boshchiligida qayd etishgandi. Murabbiy keyin Parijga ketdi, shu yil yozida esa Londonga o‘tdi. U bu safar «Arsenal» bilan turnirda ishtirok etadi. «Kanonirlar» nihoyat yevrokubokda zafar quchish orzusida yonmoqda. 

«Har qanday sovrin biz uchun muhim. 2000 yili «Arsenal» bu turnir finalida o‘ynagan, ammo «Galatasaroy»ga yutqazgan. Jamoa 2006 yili Yevropa Chempionlar ligasi finaliga chiqqan, ammo bu safar «Barselona»dan mag‘lub bo‘lgan. Men faoliyatim davomida katta ambitsiyalar bilan ishlaganman va har bir turnirda sovrin uchun kurashganman», dedi inglizlar jamoasi murabbiyi matbuot anjumanida.

«Sevilya» uchun bu turnirning plyus va minus jihatlari mavjud. Jamoa Ispaniya chempionatidagi startni muvaffaqiyatsiz o‘tkazmoqda. Jamoaning yangi murabbiyi Pablo Manchin bu turnirdagi o‘yinlar orqali yanada ko‘proq amaliyotlar o‘tkazib, jamoasiga o‘z falsafasini yaxshiroq singdirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Jamoaning yangi xaridi Kuinsi Promes Ispaniya chempionati o‘yinlarida zaxiradan tushish bilan kifoyalanmoqda. Yevropa Ligasida esa u o‘zini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

«Chelsi» ikkinchi darajali turnirda

Odatda muxlislar Yevropa Ligasini pley- off bosqichidan boshlab kuzatishga kirishadi. Bu bosqichda turnirda YeChLda guruhlarda uchinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar qo‘shiladi va jiddiy juftliklar qarama-qarshiligi yuzaga kelishi mumkin bo‘ladi. Bu safar esa turnirda guruh bosqichidayoq katta nomlarni ko‘rishimiz mumkin. Shulardan biri yulduzli «Chelsi»dir. 

O‘tgan mavsumlarda «Napoli»ni xalqaro maydonlarga qaytargan Maurisio Sarri bu yozda «Chelsi»da ish boshladi. U birinchi mavsumdayoq yaxshi natija ko‘rsatishi uchun Yevropa Ligasi yaxshi imkoniyat. U «Chelsi»ni kuchaytirganini Angliya premer-ligasi o‘yinlari orqali ko‘rmoqdamiz. Salonikidagi o‘yinga u Azar, Kovachich va David Luiz kabi futbolchilarni olib kelmagan, ammo qolgan futbolchilar bilan ham tarkib jangovar ko‘rinishda.

Bu turnirda o‘tgan yilgi mavsumlarda Italiya klublari ham yaxshi ishtirok etib kelishgan. Xususan, o‘tgan mavsumda «Milan» va «Latsio» ishtirokidagi yorqin o‘yinlarga guvoh bo‘ldik, Andre Silva va Chiro Immobile jamoalarini chorak finalgacha yetaklab borishdi. Bu jamoalar joriy mavsumda ham shu turnirda qatnashishadi. 

Ikkinchi plandagi aktyorlar

Turnirda yuqorida nomlari tilga olingan «Arsenal», «Chelsi», «Sevilya», «Milan» va «Latsio» jamoalaridan boshqa favoritlar ham bor. Masalan, yevrokuboklarda ishtirok etishni odat qila boshlagan «Leyptsig», bu turnirda ko‘p martalab muvaffaqiyatli ishtirok etgan «Vilyarreal», Ispaniya chempionati vakillaridan yana biri «Betis», o‘tgan mavsum finalchisi «Marsel». Shu bilan birgalikda Germaniya chempionatidan «Ayntraxt» va «Bayyer», Fransiya va Rossiyadan «Bordo» hamda «Zenit», Ukraina grandi, Kiyevning «Dinamo»si, Turkiyaning «Beshiktosh»i va «Fenerbahche»si, Portugaliyaning «Sporting»i hamda Shotlandiyaning «Seltik» jamoasi ham bor. Umuman olganda, futbol muxlislari bu turnirda ham zerikib qolishmaydi.

Tarixiy o‘yin
Kamida bitta klub uchun bu turnir alohida ahamiyatga ega. Yevrokuboklarda Lyuksemburgdan ilk jamoa qatnashmoqda. Germaniyalik mutaxassis Dino Toppmeller boshchiligidagi «Dyudelanj» gersoglik tarixida ilk marta yevrokubokning asosiy bahslariga yetib keldi. Birinchi turda mitti davlat vakili Italiya grandi «Milan»ni o‘z maydonida qabul qiladi. Bu jamoaga keyingi turlarda «Betis» va «Olimpiakos» kabi kuchli jamoalar raqiblik qiladi va jamoada guruhdan chiqish uchun deyarli imkoniyat yo‘q. Ammo jamoa turnirda qatnashgan ilk Lyuksemburg klubi sifatida nomini tarixga muhrlashi aniq. 

Yangi derbi
Guruh bosqichidagi eng qiziqarli qarama-qarshiliklardan biriga birinchi turdayoq guvoh bo‘lamiz - «RB Zaltsburg» va «Leyptsig». Bitta xo‘jayinga tegishli ikki klub bir turnirda ishtirok etishi avvaliga noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Ammo UYeFA arbitraj palatasi bu holatda raqobat qoidasi buzilmagan, deb topdi.

Buning uchun «Leyptsig» nomini biroz o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi. 

Qayd etish kerakki, ayni vaqtda «Leyptsig» yetakchilariga aylangan Gulachi, Zabittser, Ilzanker va Laymer kabi futbolchilarni «Red Bull Zaltsburg» tarbiyalab bergan. Bu Avstriya klubi asosida Germaniyada yirik klub shakllantirish loyihasidir.

Yevropa Ligasi
1-tur bellashuvlari
20 sentabr, payshanba
Toshkent vaqti bilan soat 21:55da boshlanadigan o‘yinlar

«G» guruhi
«Rapid»— «Spartak M»
«Vilyarreal» — «Reyndjers»

«H» guruhi
«Latsio» — «Apollon»
«Olimpik» — «Ayntraxt»

«I» guruhi
«Genk» — «Malmyo»
«Beshiktosh» — «Sarpsborg»

«J» guruhi
«Oqhisor» — «Krasnodar»
«Sevilya» — «Standard»

«K» guruhi
«Dinamo Kiyev» — «Astana»
«Renn» — «Yablones»

«L» guruhi
«Vidi» — BATE
PAOK — «Chelsi»

Toshkent vaqti bilan soat 23:55da boshlanadigan o‘yinlar
«A» guruhi
«Ludogorets» — «Bayyer»
AYeK Larnaka — «Tsyurix»

«B» guruhi
«Seltik» — «Rusenborg»
«RB Leyptsig» — «Zaltsburg»

«C» guruhi
«Slaviya» Praga — «Bordo»
«Kopengagen» — «Zenit»

«D» guruhi
«Dinamo Zagreb» — «Fenerbaxche»
«Spartak» Trnava — «Anderlext»

«E» guruhi
«Arsenal» — «Vorskla»
«Sporting Lissabon» — «Qorabog‘»

«F» guruhi
«Olimpiakos» — «Betis»
«Dyudelanj» — «Milan»

Ko‘proq yangiliklar: