Bog‘chadagi bemisl o‘g‘rilik va korrupsiya: Sobiq mudiradan qo‘rquv tufayli uning o‘rniga yangi rahbar topilmayapti

Jamiyat 15:20 / 20.09.2018 56659

Maktabgacha ta'lim Vazirligi Ichki auditi xizmati Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi 197-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida auditorlik tekshiruvi o‘tkazdi.

Avvaliga ota-onalardan bir banka bo‘yoq olib kelish talabi bilan bog‘liq shikoyat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv ortidan bog‘chadagi ko‘p qing‘irliklar fosh bo‘lgan.

«MTM mudirasi xonasida vazirlik auditorlarini o‘zini metodist deb tanishtirgan ayol kutib oldi. Tegishli hujjatlarni taqdim eta olmagan ayol, aslida amaldagi mudiraning onasi ekanligini tan oldi va bu yerda ishlamasligini aytdi. Keyingi tergovlar shuni ko‘rsatdiki, avvallari jinoiy javobgarlikka tortilgan bu ayol aslida MTMning pul oqimlarini shaxsan o‘zi nazorat qilib kelgan.

Shu shikoyatlar asosida o‘rganib chiqilganida, ota-onalar hamda xodimlar «Nodira opa» degan ayolni mudira deb bilishlarini aytishgan.

O‘tkazilgan tekshirish ishlari davomida misli ko‘rilmagan miqyosdagi o‘g‘rilik va poraxo‘rlikka yo‘l qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi. Amaldagi mudiraning onasi uzoq yillar davomida daxlsizlik va jazosiz qolishga odatlangan ekan. U MTV auditorlariga do‘q-po‘pisalar qilib, jismoniy putur yetkazish tahdidi bilan MTMga tegishli hujjat va ma'lumotlarni taqdim etishdan bosh tortdi. Tekshirish ishlari ota-onalar tez-tez so‘raydigan savollarga javoblarni aniqlab berdi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida. 

Bog‘cha bolalarini ovqatlantirish holati

Ma'lum bo‘lishicha, auditorlik ishlari o‘tkazilgan kuni menyu uchun ishlatilishi lozim bo‘lgan  56,2 kg go‘sht ombordan olingan, ammo u qozonlargacha yetib bormagan. Ajratilgan mahsulotning o‘rniga bir kun avval qaynatilgan 8,98 kg miqdoridagi go‘sht topilgan.

Aniqlanishicha, amaldagi «qo‘g‘irchoq» mudiraning onasi har kuni go‘shtning yarmini o‘zi uchun olib qo‘yishni odat qilgan. 

MTV auditorlari «navbatchi go‘sht» deya talqin qilinadigan go‘shtni topishgan, bunday go‘sht odatda komissiya vakillari va tekshiruvchilarga namoyish qilish uchun saqlanadi. Muassasa tez-tez va oshkor tekshirishlar obektiga aylangach, MTM xodimlari eski go‘shtni chiqindilar idishiga solishgan va hujjatlarni yashirish uchun «Maxsustrans» mashinasini chaqirishgan.

Ota-onalardan asossiz to‘lovlar

2018 yil yanvaridan boshlab ushbu bog‘chada bolalarning ota-onalari 180 ming so‘mdan 280 ming so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlarni amalga oshirib kelmoqda.

Amaldagi tariflarga ko‘ra, MTMga bir oylik to‘lov miqdori 155 ming so‘mga teng. Bundan tashqari, ushbu MTMda muassasani moddiy quvvatlash jamg‘armasiga har bir bola uchun qo‘shimcha ravishda kuniga o‘rtacha 25 ming so‘mlik to‘lov joriy qilingan. Qonuniy hujjatlarda belgilanmagan barcha to‘lovlar kassaga tushmagan. Bog‘chada noqonuniy daromad olishning yana bir manbai sifatida 3ta tijorat guruhlari mavjudligi aniqlandi, bu esa ushbu bog‘chaga har bir boladan qo‘shimcha 125 ming so‘mdan daromad olib kelgan. Bu «tijoriy guruh»lardan har oy 10 million so‘m atrofida pul cho‘ntakka tushgan.

MTV auditorlari tekshirish chog‘ida ushbu bog‘chada 12 bola yo‘llanmasiz qatnayotganini aniqlashgan. MTM xodimlari ro‘yxatga kiritilmagan bolalarni tekshirish vaqtida eshigi tashqaridan qulflanadigan omborxonaga yashirib qo‘yishgan. Bu bolalarning ota-onalari bog‘cha to‘lovini naqd pulda amalga oshirishi ma'lum bo‘lgan.

Yana bir achinarli holat - bog‘cha hududida chinni buyumlar, ya'ni piyola ishlab chiqaradigan sex ochilgan. Mutaxassislarning e'tiroficha, bu sexda foydalaniladigan xomashyo va bo‘yoq bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazadi.

Bog‘cha emas, mafiya!

Xodimlarning yetishmasligi bilan bog‘liq vaziyatda ushbu MTM jamoasi tarkibida «o‘lik jonlar» topilgan.

Tarbiyachilar, hamshiralar va farroshlar sifatida ro‘yxatga olingan odamlar aslida ushbu muassasada ishlamagan. Biroq, bir necha guruhlar tarbiyachilarsiz faoliyat olib  borib, bolalar yordamchilar nazorati ostida bo‘lib kelgan. Asossiz to‘langan oylik maoshning hajmi 2015-2018 yillar oralig‘ida 61 million so‘mni tashkil etgan. Tekshiruvdan so‘ng, 197-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Biroq, telefon orqali tushayotgan tahdidlar davom etayotgani sababli ushbu muassasada yangi ishchilar ko‘p ushlanib qolishdan bosh tortmoqda. Ayni paytda ushbu MTMga rahbarlik qilish lavozimini 3 kishi rad etgan.

Auditorlik materiallari tuman va Bosh prokuraturasiga jo‘natilgan.

«Hurmatli ota-onalar, MTM sizdan jim va befarq qolmasligingizni so‘raydi, chunki masala himoyaga muhtoj va munosib tarzdagi tarbiyadan mahrum bo‘layotgan bolalarimiz bilan bog‘liqdir. Maktabgacha ta'lim vazirligi oshkoralik tarafdori va u korrupsiya va o‘g‘rilikka qarshi kurashda qattiqqo‘l siyosat olib borishda davom etadi. MTV bolalarning huquq va manfaatlarini buzish faktlari haqida jim turmaydi, balki ularni himoya qilish yo‘lida o‘z vazifalarini qat'iy ravishda amalga oshiradi.

Maktabgacha ta'lim sohasida huquqbuzarliklarga guvoh bo‘lsangiz, +99871 215-52-79 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qiling yoki vazirlik sayti orqali o‘z shikoyatingizni yuboring», deyiladi vazirlik xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: