Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan bir martalik subsidiyalar kimlarga berilmaydi?

O‘zbekiston 19:01 / 20.09.2018 12773

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “ O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga bir martalik subsidiyalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.

Subsidiya quyidagi maqsadlarda to‘lanadi:

a) ABKMda (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuzilmasidagi tuman va shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari) ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ishsiz shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor, kichik korxonalar va mikrofirma sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun - xarajatlarning eng kam ish haqining ikki baravarigacha miqdorida;

b) aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mansub shaxslarni, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni zaxiralangan (kvotalangan) eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga - har bir qabul qilingan xodim uchun har oyda eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida. Bunda ishga qabul qilingan mazkur toifadagi shaxslarning bandligini eng kam son (kvota) oshgan sanadan boshlab kamida o‘n ikki oy davomida saqlash sharti nazarda tutiladi;

v) ish beruvchilarga - ABKMning yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mansub xodimlarni, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirishga - har bir xodim uchun eng kam ish haqining uch baravari miqdorida.

Subsidiya fuqarolarning quyidagi toifalariga berilmaydi:

ish bilan band bo‘lganlarga;

ta'lim muassasalarida (kunduzgi ta'limda) o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga;

pensiya yoshiga yetganlarga va pensionerlarga.

Subsidiya mablag‘lari quyidagi maqsadlarga beriladi:

yakka tartibdagi tadbirkor, kichik korxonalar va mikrofirma sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun davlat boji to‘lashga;

elektron raqamli imzo (ERI) kalitining sertifikatini olish uchun to‘lovga;

muhr va shtamp tayyorlash uchun xizmat haqini to‘lashga.

Bunda yuqorida ko‘rsatilgan xarajatlarni qoplash eng kam ish haqining ikki baravari miqdoridan oshib ketmasligi shart.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni xohlovchi ishsiz fuqarolar subsidiyani olish uchun ABKMga murojaat qiladilar.

ABKM tomonidan fuqarolarning arizasi kelib tushgan kundan boshlab ikki kun muddat ichida murojaati ko‘rib chiqiladi, subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi hamda bu haqda fuqarolarga ma'lum qilinadi.

ABKM tomonidan subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng fuqarolar yakka tartibdagi tadbirkor, kichik korxonalar va mikrofirma sifatida qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tish va/yoki elektron raqamli imzo (ERI) kalitining sertifikati olish va/yoki muhr va shtamp tayyorlash uchun Davlat xizmatlari markazlaridan hisobvaraq rekvizitlarini oladi hamda rekvizitlarini subsidiya olish uchun ABKMga taqdim etadi.

ABKM tomonidan taqdim etgan hisobvaraq rekvizitlari bo‘yicha fuqaroning familiya, ismi va pasport seriyasini ko‘rsatilgan holda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Davlat xizmatlari markazlaridan olingan hisob varaq rekvizitlari bo‘yicha pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi.

Subsidiya o‘tkazib berilgandan so‘ng fuqaro ikki kun muddatda Davlat xizmatlari markaziga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan boradi.

Fuqarolar Davlat xizmatlari markazlaridan belgilangan tartibda ushbu nizomda ko‘rsatib o‘tilgan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tadilar va/yoki elektron raqamli imzo (ERI) kalitining sertifikatini oladilar va/yoki o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, muhr va shtamp tayyorlashga buyurtma beradilar.

Davlat xizmatlari markazlari har chorakda ABKM tomonidan to‘lab berilgan mablag‘lar asosida davlat ro‘yxatidan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkor, kichik korxonalar va mikrofirmalar to‘g‘risida ma'lumotlarni ABKMga elektron shaklda berib boradi.

Subsidiya qonunchilikda belgilangan tartibda tuman (shahar) hokimlarining qarori bilan zaxiralangan (kvotalangan) ish o‘rinlaridan tashqari (belgilangan kvotadan ortiqcha bo‘lgan) har bir qabul qilingan aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mansub shaxslar uchun ish beruvchilarga beriladi. Bunda ishga qabul qilingan mazkur toifadagi shaxslarni ish beruvchilar tomonidan kamida o‘n ikki oy davomida saqlash sharti nazarda tutiladi.

Ko‘proq yangiliklar: