Yangi tashkil etilayotgan Xususiy bandlik agentliklari nima bilan shug‘ullanadi?

O‘zbekiston 14:01 / 20.09.2018 4143

O‘zbekistonda nafaqat yurtimizda, balki, xorijda ishlamoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun kafolatli xizmat ko‘rsatuvchi Xususiy bandlik agentliklari tashkil etilishi kutilyapti, deb yozadi “Xalq so‘zi”.

Yuqori palataning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonun muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida xuddi shu mavzu xususida so‘z yuritildi. Tadbirda manfaatdor vazirliklar va idoralar, shuningdek ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi. 

Qonun O‘zbekiston fuqarolarini ham mamlakat korxonalarida, ham xorijda ishga joylashtirish imkoniyatini oshiradi. Davlat xizmatlari va xususiy sektor tomonidan bandlikka ko‘maklashish mexanizmlari aniq tartibga solinadi. Hujjat ishga joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va shartlari, shu jumladan xususiy bandlik agentliklari, korxonalar va ish qidirayotgan shaxslarning huquq hamda majburiyatlarini belgilashga qaratilgan.

Agentliklar chet el mamlakatlarida mehnat bozorini o‘rganish, chet eldagi ish beruvchilarni axtarib topish va oldindan tanlovdan o‘tgan ish qidirayotgan shaxslar bilan shartnomalar tuzish bilan shug‘ullanadi. Eng muhimi, fuqarolarimizning mamlakatdan tashqarida ijtimoiy himoyasini ta'minlaydi. Xususiy bandlik agentliklari o‘z faoliyatini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida olib boradi.

“Qonunda “xususiy bandlik agentliklari” tushunchasi ochib berilmoqda. Bundan tashqari, bu faoliyat bilan kimlar shug‘ullanishi mumkinligi, ularga litsenziya berish talablari, xususiy bandlik agentliklari xodimlari soni va ularning rahbarlari xususida shartlar belgilanyapti. Hujjatda xususiy bandlik agentliklari tomonidan shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarining to‘liq ro‘yxati keltirilmoqda”, — deydi qo‘mita raisi o‘rinbosari Gavhar Alimova.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, qonunda yurtimizda ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash, ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni esa ishga joylashtirish mexanizmlari aniq belgilanmoqda. Shu bilan birga, mazkur tuzilma jarayonga oid axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi.

Ko‘proq yangiliklar: