AQShning alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi: O‘zbekiston «qora ro‘yxat»dan minglab fuqarolarni chiqardi

O‘zbekiston 14:00 / 20.09.2018 18186

Minglab O‘zbekiston fuqarolari ekstremistik tashkilotlar a'zolarining «qora ro‘yxati»dan chiqarib tashlandi va ularning normal hayotga qaytishi respublikadagi ijobiy o‘zgarishlar ko‘rsatkichiga aylandi. Bu haqda AQShning xalqaro diniy erkinliklar sohasidagi alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Samuel Deyl Braunbek ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Regnum.

Diplomatning qo‘shimcha qilishicha, AQSh diniy erkinlikni targ‘ib qilish, madaniy va an'anaviy qadriyatlarni saqlab qolish hamda rivojlantirishda ko‘maklashish uchun O‘zbekistondagi vaziyatni kuzatib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, 18 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samuel Braunbekni qabul qilgandi. O‘zbekiston inson salohiyatini rivojlantirish, shu jumladan, diniy erkinlik va konfessiyalararo totuvlikni ta'minlash sohasidagi konstruktiv muloqotga muhim ahamiyat qaratayotgani qayd etildi.

Bundan tashqari, 19 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevning «Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Unga ko‘ra terroristik tashkilotlarga adashib kirib qolgan fuqarolarga qaytish imkoni beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: