Haydovchilik guvohnomasini almashtirishga qancha vaqt ketadi?

O‘zbekiston 18:00 / 20.09.2018 42936

Eski haydovchilik guvohnomasi qanday qilib yangisiga almashtiriladi? Nega amaliyotda Davlat xizmatlari agentligi xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 31.05.2018 yildagi 408-son qarorida ko‘rsatilgan to‘liq bo‘lmagan ro‘yxatni taqdim etish talab qilinadi? Norma shu haqda sharh e'lon qildi.
 
Bugungi kunda Toshkent shahrining Mirobod, Yunusobod, Uchtepa va Shayxontohur tumanlari, Do‘stlik, Pastdarg‘om, Sirdaryo, Chirchiq va Xonqa tumanlari, shuningdek Namangan, Nukus, Andijon, Termiz, Kogon, Zarafshon, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish mumkin.
 
Davlat xizmatlari agentligida xabar qilinishicha, uskunalar o‘rnatilishi tugallangach, boshqa markazlar ham haydovchilik guvohnomalarini almashtirish bilan shug‘ullanadi.
 
Vazirlar Mahkamasining 31.05.2018 yildagi 408-son qaroriga muvofiq haydovchilik guvohnomalarini almashtirish tartibi haqida ilgari yozilgan edi. Masalan, VMQda belgilanishicha, avtomototransport vositalarini oxirgi 12 oy ichida boshqargan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari tegishli imtihonlarsiz almashtirib beriladi. Mazkur dalil quyidagi hujjatlar bilan tasdiqlanadi:

• ishlayotgan haydovchilar uchun – mehnat daftarchasidan ko‘chirma yoki ishlayotgan joyida unga biriktirilgan avtomototransport turi ko‘rsatilgan ma'lumotnoma (buyruqdan ko‘chirma);
• shaxsiy avtomototransport vositalari haydovchilari uchun – ularga tegishli bo‘lgan avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi qayd etish guvohnomasi;
• ishonchnoma yoki ijara shartnomasi bilan avtomototransport vositasini boshqargan shaxslar uchun – avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va uni boshqarish uchun notarial idora tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma yoki ijara shartnomasi.
 
Biroq amalda Davlat xizmatlari agentligi xodimlari bunday tasdiqlar topshirilishini talab qilishmayapti, ular soddalashtirilgan sxemada ishlayaptilar.

Buyurtmachidan quyidagilar talab etiladi:

• so‘rovnomani to‘ldirish;
• eski haydovchilik guvohnomasi va talonni topshirish;
• pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etish;
• EKIHning 70% miqdoridagi bojni to‘lash (maqola berilgan sanada – 129 010 so‘m).
 
Agentlikning «bevosita muloqot» telefoni (1148) bo‘yicha aniqlashtirilishicha, bugungi kunda haydovchilik guvohnomalarini almashtirish jarayonini tezlashtirish maqsadida boshqa ma'lumotlarga zarurat bo‘lgan taqdirda, markaz xodimlari tomonidan ular buyurtmachi ishtirokisiz tegishli instansiyalardan olinmoqda. 
 
Natijada, haydovchilik guvohnomasini almashtirish taomiliga ariza berilgandan boshlab yangi namunadagi hujjat olingunga qadar 20 daqiqa ketyapti.

Ko‘proq yangiliklar: