UzCard monopoliyasi bekor bo‘ladi, banklararo milliy protsessing markazi yaratiladi - Prezident qarori

O‘zbekiston 21:30 / 19.09.2018 58961

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror matnida chakana to‘lovlarni qayta ishlash borasida davlat protsessing markazi yo‘qligi milliy to‘lov tizimi xavfsizligi darajasini pasaytirishi, to‘lov infratuzilmasining yagona integratsiyasini ta'minlashga izn bermasligi hamda bitta monopol tizimning hukmronlik qilishiga olib kelishi qayd etilgan.

«Boz ustiga, to‘lov tizimi operatorlari faoliyatining qonunchilik darajasida tartibga solinmagani ularning rivojlanishini cheklaydi va mazkur tizimlar faoliyat ko‘rsatishining ishonchliligiga raxna soladi», deyiladi prezident qarorida.

To‘lovlarni uzluksiz o‘tkazishni ta'minlash, innovatsion mahsulotlarni ilgari surish, bank xizmatlaridan to‘siqsiz foydalanish va to‘lov xizmatlari bozorida raqobatbardosh muhitni rivojlantirish, shuningdek 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Banklararo milliy protsessing markazi — «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Bosh informatizatsiya markazi» davlat unitar korxonasi tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga:

  • 2019 yil 1 iyulgacha Banklararo milliy protsessing markazi, banklararo to‘lov tizimi va Markaziy bankning kliring markazi ishga tushishi uchun to‘laqonli ma'lumotlarni qayta ishlash markazini barpo etilishini ta'minlash;
  • 2020 yilning 1 yanvariga qadar mahalliy va xalqaro bank kartalari bo‘yicha a'zo banklar o‘rtasida informatsion va texnologik hamjihatlikni ta'minlab beruvchi Banklararo milliy protsessing markazini ishga tushirish;
  • 2020 yilning 1 iyuliga qadar mamlakatdagi barcha protsessing markazlarini, shu jumladan, bevosita Banklararo milliy protsessing markazining yagona shlyuzi orqali xalqaro to‘lov tizimlari to‘laqonli ishlashini ta'minlash;
  • Bank to‘lov infratuzilmasini doimiy ravishda yaxshilab borish, bankomatlar va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish ko‘p funksiyali terminallari tarmoqlarini kengaytirish vazifasi qo‘yildi.

Markaziy bank 2019 yilning 1 yanvariga qadar xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari va umum tan olingan xalqaro normalar va qoidalar asosida «To‘lovlar va to‘lov tizimlari haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

Ko‘proq yangiliklar: