O‘zbekiston Kubogida barcha yarimfinalchilar aniqlandi

Sport 23:03 / 19.09.2018 11853

O‘zbekiston Kubogida chorakfinal o‘yinlari yakunlandi.

«Andijon» o‘z maydonida «Bunyodkor»ni qabul qilib, 1:2 hisobida yutqazdi. Hisob 14-daqiqada mehmonlar tomonidan ochildi. 14-daqiqada Mirjamol Qosimov gol urgan bo‘lsa, 26-daqiqada Shahzodbek Nurmatov hisobdagi farqni oshirdi. 1-bo‘lim oxirida Davron Isoqov himoyachilar xatosidan foydalanib, javob to‘pini kiritdi. Ikkinchi bo‘limda «Andijon» hisobni tenglashtirish uchun ko‘p urindi, ammo eplolmadi. Natijada, «Bunyodkor» yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Olmaliqning OKMK klubi o‘z maydonida Pro-liga vakili, Muborakning «Mash'al» klubini qabul qildi. 56-daqiqada «Mash'al» Xumoyun Murtazoyev zarbasidan so‘ng, hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. 78-daqiqada Kamoliddin Murzoyev uni tenglashtirdi. O‘yinning asosiy vaqtida g‘olib aniqlanmagach, qo‘shimcha taymlar belgilandi. Unda OKMK qiyinchilik bilan gol urib, g‘alabani ilib ketdi. 110-daqiqada Vladimir Bubanya hal qiluvchi to‘pni darvozaga yo‘lladi. So‘nggi soniyalarda esa Jasur Hasanov bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etib, yakuniy hisobni belgiladi. Natijada OKMK klubi O‘zbekiston Kubogi yarimfinaliga chiqdi. 

Avvalroq «Paxtakor» va «Qo‘qon-1912» 1/2 final ishtirokchisiga aylanishgan edi.

Yarimfinal juftliklari Sport telekanali orqali jonli efirda namoyish etiladigan «Gol» ko‘rsatuvi vaqtida tashlanadigan qur'a orqali aniqlab olinadi. Ko‘rsatuv 20 sentabr kuni soat 19:40da boshlanadi.  

1/2 final o‘yinlari 27-28 sentabr kunlari bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston kubogi, 1/4 final

19 sentabr, Andijon
Andijon (Andijon) – Bunyodkor (Toshkent) - 1:2
Gollar: Davron Isoqov (40) - Mirjamol Qosimov (14), Shahzodbek Nurmatov (26)

19 sentabr, Olmaliq
OKMK (Olmaliq) - Mash'al (Muborak) - 3:1 (q.v.)
Gollar: Kamoliddin Murzoyev (78), Vladimir Bubanya (111), Jasur Hasanov (120+2) - Humoyun Murtazoyev (56)

Ko‘proq yangiliklar: