Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri bilan KUN.UZ intervyusi

INTeRVYu 23:41 / 19.09.2018 34669

KUN.UZ tahririyatining “Ochiq muloqot” loyihasi o‘quvchilarning ko‘plab savollariga javob berishda va asosiy murojaatlarga ijobiy yechim topishda ko‘maklashib kelmoqda. Ana shu loyiha asosida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Saliyev bilan sohaga doir muammolar, ularning yechimi borasida olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi maqsadlar haqida suhbatlashdik.

- Xabaringiz bor, vazirligimiz 2017 yilning 18 aprel kuni prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan. Vazirlik tashkil etilgach, soha mutaxassislari ishlarni yanada chuqurroq o‘rganishlari davomida biz bilgan muammolardan tashqari, boshqa muammolar ham borligini bildik. Xususan, eng katta muammolarimizdan biri shirkatlar faoliyati bilan bog‘liq holatlardir. Mazkur muammoni bartaraf etish uchun, eng avvalo, shirkatlar faoliyati bo‘yicha qabul qilingan qonunga o‘zgartirish kiritishni maqsad qilganmiz. Bunga asosiy sabab, ayni kunda faoliyat ko‘rsatayotgan shirkatlarimizni o‘z oldilariga qo‘ygan qonuniy vazifalarni bajara olishmayotganidadir. Bundan tashqari, vazirligimiz qoshida shirkatlar faoliyatini nazorat qiluvchi inspeksiyamiz bor. Mana shu inspeksiya faoliyati yuzasidan ham mavjud qonunlarga o‘zgartirish kiritish maqsadimiz bor.

Bundan tashqari, rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda professional boshqaruv kompaniyalarini shirkatlar boshqaruviga targ‘ib qilish bo‘yicha ham rejali ishlar olib borilmoqda. Biz Toshkent shahri, Olmazor tumanida faoliyat yuritayotgan shirkatlarni taftish etganimizda, ularning 30 foizi kartotekada turganligini, istiqbolda ular o‘z faoliyatlarini yuritishlarida har-xil masalalar chiqishi mumkinligiga guvoh bo‘ldik. 

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Saliyev

Vazirligimiz bundan 15 yil oldin o‘z faoliyatini tugatgan edi. Shu sabab tizimda turli muammolar yuzaga chiqib kelavergan, jumladan, kadr va mutaxassislar masalasida ham. Shu sabab kadrlar tayyorlash masalasida ham tizimli ishlar tashkillashtirganmiz. Misol sifatida aytib o‘tsam, Sirdaryo viloyatida Beshbuloq degan katta suv ombori bor. Mana shu obektga eng zamonaviy texnologiyalarni joylashtirganmiz, ularning qiymati 10 million AQSh dollarini tashkil etadi. Ammo masala shundaki, shu yerda ishlaydigan, shu yerda o‘rnatilgan zamonaviy texnologiyalarni tushunadigan mutaxassislarning yetishmasligida, - dedi M.Saliyev.

Vazir fuqarolar murojaati, ularning qiynab kelayotgan muammolarga ham o‘z e'tiborini qaratdi.

- Respublikamizning chekka hududlarida joylashgan ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya tizimlari haqida ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. 2017-2018 yillar mobaynida 1 mln.ga yaqin aholining suvga bo‘lgan ehtiyojini yaxshilashga erishdik. Markazlashmagan va zarur suv ta'minoti yo‘q aholi punktlarida, birinchi navbatda, oqava tizimini yaxshilaganingizdan foyda yo‘q. Biz birinchi o‘rinda markazlashgan ichimlik suvining darajasini ko‘targanimizdan keyin joylarda ketma-ketlikda oqava tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Masalan, bugungi kunda Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida bu yilgi rejalarga muvofiq Jahon banki kreditlari orqali tumandagi suv ta'minoti yaxshilanadi. Undan keyin esa oqava tizimi ishlari ham yaxshilanadi. Undan keyin Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani markazi bo‘yicha mazkur ishlar amalga oshiriladi. 

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Saliyev bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida ushbu sohaga doir ko‘plab mavzularda, jumladan, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi liftlarning bugungi holati, aholining kommunal xizmatlardan foydalanish madaniyati, to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash va unda yuzaga chiqayotgan muammolar hamda yana turli mavzularda fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

Ko‘proq yangiliklar: