Toshkentda soxta ichki ishlar xodimlari qo‘lga olindi

Jamiyat 11:14 / 19.09.2018 52249

Fuqarolar Bekzod Adilbekov va Anvarxo‘ja Shoisayev moddiy manfaat ilinjida ichki ishlar organi xodimining xizmat kiyimini kiyib, firibgarlikka qo‘l urdi. Bu haqda “Toshkent” telekanalidagi “Poytaxt vaziyat” dasturida ma'lum qilindi.

Ular oson pul topish maqsadida joriy yilning 28 fevral kuni soat 16:30larda Toshkent shahar Mirobod tumani hududidagi “Bolajon” istirohat bog‘iga kelishadi va shu yerda sayr qilib yurgan Hakimov hamda Yusupovaning oldiga borib, ularni so‘roqqa tutadilar. Maqsad - po‘pisa qilish orqali pul ishlab olish bo‘lgan. Aynan shuning uchun jamoat joyida behayo harakatlarni sodir etganlikda ayblab, bu haqda ular yashaydigan mahallada muhokama qilmaslik evaziga pul talab qilishadi. 

Jabrlanganlarning arizasiga ko‘ra o‘tkazilgan Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent shahar IIBB O‘z xavfsizligi boshqarmasi xodimlarining tezkor tadbirlari o‘tkazildi. Natijada Adilbekov va Shoisayevlar 80 ming so‘m miqdordagi pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: