San'at shaydosi va milliarder: Oyga sayohat qiladigan ilk sayyoh haqida nimalar ma'lum

Light 13:04 / 19.09.2018 12812

17 sentabr kuni Ilon Mask SpaceX kompaniyasi tomonidan yaratilayotgan BFR raketasida Oyga sayohat qiladigan ilk sayyoh yaponiyalik milliarder Yusaku Maedzava bo‘lishini ma'lum qildi. Uning ismi vatanidan tashqarida unchalik ham taniqli emas, ammo Yusaku Yaponiyada anchagina obro‘ga ega.

Foto: Mario Tama/Getty Images

Ishni disk sotishdan boshlagan milliarder

Maedzava 1975 yilda Yaponiyaning Kamagaya shaharchasida buxgalter va uy bekasi oilasida tug‘ilgan. 1991 yilda o‘zi o‘qiyotgan maktabda Switch Style rok guruhiga asos solgan va guruhda barabanchilik qilgan.

O‘qishni bitirgach, AQShga yo‘l olgan va u yerda taniqli xonandalarning CD-disklari va plastinkalarini kolleksiya qilgan. 1995 yilda Yusaku Yaponiyaga biznes g‘oya bilan qaytadi. U to‘plagan kolleksiya pochta orqali musiqiy CD-disklar yetkazib beruvchi kompaniya tashkil etilishiga asos bo‘ladi.

Foto: The Daily Beast

1998 yilda 22 yoshli Maedzava Start Today firmasini ochadi. Firma internet buyurtmalar asosida taniqli xonandalarning qo‘shiqlari yozilgan kompakt-disklarni sotish bilan shug‘ullanadi. Bir necha yildan keyin esa yosh tadbirkor Zozotown deb nomlangan kiyim-kechak sotiladigan internet-magazinni tashkil qiladi. 

Maedzavaning dastlab to‘rt kishi ishlagan kompaniyasida 2018 yilga kelib xodimlar soni 900ga yetdi, Zozotown esa Yaponiyadagi kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanuvchi eng yirik internet-magazin hisoblanadi. Forbes ma'lumotiga ko‘ra, Maedzavaning boyligi 3 milliard dollarga yaqin bo‘lib, u Yaponiyaning eng boy kishilari ro‘yxatida 18-o‘rinda qayd etilgan.

Foto: Nikkei Asian Review

San'at shaydosi 

Maedzava vatanida xayriya faoliyati orqali tanilgan. U 2003 yilda futbolka sotishdan tushgan 53 ming dollarni xayriya fondiga o‘tkazgan. Shuningdek, o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Tiba prefekturasidagi stadionni tiklash uchun bir million dollar ajratgan.
Uning kompaniyasida olti soatlik ish kuni joriy etilgan bo‘lib, tadbirkorning fikricha, bu xodimlarning o‘z oilalari va dam olishlari uchun ko‘proq vaqt ajratishlariga imkon beradi.

Maedzava san'at shaydosi hamdir. U 2012 yilda zamonaviy san'at fondini tashkil etgan. U har yili 20 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan iste'dodli yaponiyaliklarga yordam berish uchun 15 ming dollar ajratadi.

Milliarder yosh rassom va musiqachilarga grantlar taqdim etadi va Tibada badiiy muzey ochishni rejalashtirgan.

Maedzava 2016 yilda Jan-Mishel Baskiya va Pablo Pikasso kartinalarini sotib olish uchun 80 mln dollarga yaqin pul sarflagan. 2017 yilda Jan-Mishel Baskiyaning nomsiz kartinasini 110 mln dollarga sotib olgan. 
Birinchi «kosmosayyoh»

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Yusaku Maezawa (@yusaku2020) on

Kosmosga sayohat Maedzavaning fikricha ko‘ngilxushlik emas, art-loyiha bo‘lib, u insonlarni yangi ijodga ilhomlantirishi lozim. Milliarder Big Falcon raketasida o‘zi bilan uchadigan sakkiz nafar rassom, fotograf, musiqachi, rejissyor, modeler va arxitektorlar uchun joy sotib olgan.  Maedzava Yerga qaytishganidan so‘ng san'at vakillari parvoz taassurotlari asosida art-loyihalar yaratishlariga umid qilmoqda.

Foto: Instagram /@elonmusk

Milliarder sayohat uchun qancha pul to‘lagani oshkor qilinmayapti. Avvalroq chipta narxi 35 million dollar bo‘lishi taxmin qilingandi.

Foto: SpaceX
Ko‘proq yangiliklar: