Prezident farmoni: Terroristik tashkilotlarga adashib kirib qolgan fuqarolarga qaytish imkoni beriladi

O‘zbekiston 21:50 / 19.09.2018 45908

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan o‘zbekiston respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ushbu hujjat bilan terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuziladi.

2018 yil 1 noyabrdan terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Komissiya xulosasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.

Komissiya tomonidan salbiy xulosa chiqarilgan taqdirda barcha holatlar qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari  quyidagi hollarda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin:
- aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida shaxsan arz qilib kelsa, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va tuzalish yo‘liga o‘tgan bo‘lsa;
- jinoiy faoliyat va boshqa huquqqa xilof qilmishlarni fosh etishda faol yordam bergan bo‘lsa;
- taqiqlangan tashkilotlar safiga aldov yo‘li bilan jalb etilgan bo‘lsa; 
- taqiqlangan tashkilotlarning g‘oyaviy yoki ma'naviy rahnamosi bo‘lmagan bo‘lsa;
- jangovar harakatlarda va qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishda ishtirok etmagan bo‘lsa; 
- terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida taqiqlangan tashkilotlarda o‘quv, maxsus yoki harbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan bo‘lsa; 
- terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida chiqish yoki harakatlanishni amalga oshirmagan bo‘lsa; 
- xalqaro terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etmagan bo‘lsa;
- terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar mavjud bo‘lgan materiallarni adashib yoki axborot-kommunikatsiya vositalarida tarqatishga qasd qilmagan va bunday maqsadni ko‘zlamagan holda saqlagan bo‘lsa. 

Komissiyaga O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori Otabek Murodov boshchilik qiladi. Unga quyidagi vakolatlar yuklatilgan:
- taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish; 
- murojaat etgan fuqarolarning shaxsini, shu jumladan, ularning sodir etilgan jinoyatlarga daxldorligini har tomonlama tekshirish orqali o‘rganish; 
- murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan xulosalarni dastlabki tergov organlariga o‘rnatilgan tartibda taqdim etish; 
- sodir etgan qilmishiga pushaymon bo‘lgan va aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilib murojaat etgan fuqarolarga nisbatan taqiqlangan tashkilotlar a'zolari tomonidan salbiy ta'sir etilishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish uchun vakolatli organlarga topshiriqlar yuborish; 
- jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatilishida, shu jumladan, bandligini ta'minlash borasida ko‘maklashish va monitoringini olib borish; 
- jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslar bilan profilaktik-tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha vakolatli organlar va tashkilotlarga topshiriqlar yuborish. 

Ushbu Farmon fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi. Taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning qilmishiga pushaymonligi hamda aybini bo‘yniga olishi to‘g‘risidagi arizasi xorijda ularning yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalariga yoxud O‘zbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi organlariga beriladi. Ushbu Farmon bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish bilan bog‘liq jinoyatni qayta sodir etgan shaxsning takroriy murojaati ko‘rib chiqilmaydi. Komissiya tomonidan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qaror barcha davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiydir. Komissiyaning ishchi organi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hisoblanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: