Hokim binoni buzishni talab qilmoqda – tadbirkor xususiy shifoxona qurayotgan edi

Jamiyat 14:48 / 19.09.2018 55309

Namanganda deyarli bitish arafasida turgan xususiy tibbiyot muassasasini buzish talab qilinmoqda. Kun.Uz tahririyatiga Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Universal Planet Mebel” MChJdan shikoyat kelib tushdi. Unda tadbirkor o‘z mablag‘i hisobidan To‘raqo‘rg‘on tumani “Majnuntol” mahallasida 150 o‘rinlik xususiy tibbiy diagnostika davolash markazi barpo etayotgani, biroq tuman hokimligi yarmigacha ko‘tarilgan bino-inshootlarni buzishni talab qilayotgani haqida so‘z boradi. Ma'lum qilinishicha, qurilish ishlari yakunlanib, tibbiy muassasa foydalanishga topshirilsa, 60ta yangi ish o‘rni paydo bo‘lishi kutilayotgan edi. 

Dastavval shikoyat arizada keltirilgan muammoni joyida o‘rganish maqsadida To‘raqo‘rg‘on tumani “Majnuntol” MFYga borib, tadbirkor bilan uchrashdik. 

 

“2016 yil 19 noyabrda tuman hokimining 893-sonli qaroriga asosan “Universal Planet Mebel” MChJga tibbiyot muassasasi barpo etish uchun yer maydoni ajratib berildi. Firma 2018 yil may oyidan zamonaviy tipdagi loyiha hujjatlari tayyorlanib, barcha ruxsatnomalarni olganidan so‘ng, qurilish ishlarini boshlab yubordi”, - deydi korxona menejyeri Anvarjon Abdullayev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahallada istiqomat qiluvchi A.Qosimov va boshqa bir necha fuqarolarning Prezident virtual qabulxonasi, viloyat prokuraturasi, tuman hokimligiga yo‘llagan shikoyat maktublaridan keyin hokim muovini arizachilar va korxona rahbari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan. Unda hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari shikoyatchilar qurilish bo‘layotgan yer maydonini avvalgidek, tuman tibbiyot birlashmasiga qaytarishni so‘raganini bildirgan. (E'tibor bering, oddiy fuqaro dabdurustdan qurilayotgan xususiy tibbiyot markazi buzilib, yer maydoni avvalgidek tibbiyot birlashmasiga qaytarilishi, u yerda davlat hisobidan tibbiy muassasa barpo etilishi uchun jon kuydirmoqda.) 

Davlat miqyosida tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida mazkur sohada ham davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirishga ham katta e'tibor berilayotgan kunda bu holatni qanday tushunishni bilmadik.

Tadbirkor esa, o‘z navbatida tuman hokimligi yer maydoni noto‘g‘ri ajratilgan, degan fikrda bo‘lsa, bino-inshootlarni barpo etish uchun shuncha sarf xarajat qilishdan avval, firma vakilini chaqirib, bundan ogohlantirishi mumkin edi, degan fikrni ilgari surmoqda. Biroq, hokimlik qurilish ishlari deyarli yakunlanib, tomini yopish ishlari yaqinlashganida yerni qaytarish va binoni buzish to‘g‘risida qaror chiqargan. 

“Bugungi kunda jamiyatda 20 kishi qurilish ishlari bilan band bo‘lib, jami 710 mln so‘mga yaqin ishlar amalga oshirilgan. MChJ bu loyihani to‘xtatadigan bo‘lsa, korxonaning moliyaviy ahvoliga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatadi va kasodga uchrash ehtimoli ortadi. Qolaversa, yer maydoni ajratilishi borasida hech qanday noqonuniy ish qilinmagan. Chunki tuman hokimining yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qarori chiqarilishidan avval, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli binolar birlashma tomonidan buzib olinib, yer maydoni bo‘sh bo‘lgan. Tuman hokimi qarori noqonuniy chiqarilgan, degan da'vo ham noto‘g‘ridir. Chunki yer maydoni Prezidentning 2012 yil 10 maydagi PQ-1754-sonli “2012-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish Dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida berilgan”, - deydi menejyer biz bilan suhbatda. 

Arizachilar yer maydoni yana tibbiyot birlashmasiga qaytarilishini va u yerda shifoxona barpo etishni so‘ragan bo‘lsa, “biz ham shifoxona quryapmiz-ku”, - deydi tadbirkor. Uning ta'kidlashicha, garchi bu zamonaviy tibbiyot muassasa xususiy bo‘lsa-da, kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki qariyalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida 3ta palata (2-2-3 koykadan iborat) ajratiladi. “Unda birdaniga 7 bemor hech qanday pul to‘lamasdan, bepul davolanish imkoniga ega bo‘ladi. Bu bir oyda 21 kishi zamonaviy tibbiy xizmatga bepul ega bo‘ladi, demakdir”, - deya aniqlik kiritdi firma menejyeri.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, ular mazkur muammo yuzasidan Namangan viloyat prokuraturasiga ham murojaat qilgan. Viloyat prokuraturasi 2018 yil 15 avgustdagi 10.2/10-18-76-9184 sonli maktubi bilan tuman prokuraturasiga ushbu muammo bo‘yicha vajlarni va boshqa holatlarni to‘liq o‘rganib chiqish vazifasini topshirgan. Abdullayevning aytishicha, viloyat prokuraturasi xususiy tibbiy muassasa qurilishi bilan bog‘liq me'yoriy hujjatlarga mos kelmaydigan jihatlari qonun talablariga moslashtirilishi, qurilish ishlari davom ettirilishi, tadbirkorga yordam ko‘rsatilishi kerak, degan fikrda.

Umuman MChJga berilgan hududda qanday inshoot qad rostlamoqda? Abdullayev bu savolga ham oydinlik kiritib, loyiha bo‘yicha tushuntirish berdi. 

Shu bilan birga, MChJ menejyeri Abdullayev tuman hokimligi mutasaddilariga murojaat qilib, avvalgi tuman hokimining yer maydoni ajratish bo‘yicha 897-son qarorini bekor qilish o‘rniga qurilish ishlariga amaliy yordam berishmasa ham, to‘sqinlik qilishmasa, katta ko‘mak berishlarini bildirdi. 

Shunday so‘ng, To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi yurist-konsultanti bilan suhbatlashdik va muammoga izoh so‘radik. 

Anvarjon Nodirovning izoh berishicha, ushbu xususiy tibbiy muassasa qurilishi bilan bog‘liq muammo shundan iboratki, yer maydonining tuman zaxirasiga olinishi va tadbirkorga berilishiga doir tuman hokimining 2016 yil 28 iyundagi 442-sonli va 2016 yil 19 noyabrdagi 893-sonli qarorlarini qabul qilishda ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. 

“Tuman hokimining 2016 yil 28 iyundagi 442-sonli qarori bo‘yicha qator kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, 2016 yil 13 yanvarda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Namangan viloyat hududiy boshqarmasi va “Guzar Obod Ziynati” MChJ o‘rtasida To‘raqo‘rg‘on tibbiyot birlashmasiga qarashli bo‘sh turgan 1-sonli shifoxona bino va inshootlarini investitsiya majburiyatlari evaziga nol xarid qiymatida sotish bo‘yicha 45/2340-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Ushbu shartnoma bekor qilinmasdan, ya'ni 1-sonli shifoxona bino-inshootlari va ular joylashgan yer maydonlari tuman tibbiyot birlashmasiga qaytarilmasdan turib, 1,05 gektar yer maydoni tibbiyot birlashmasining xatiga asosan tuman zaxirasiga olingan.

Zaxiraga olinayotgan 0,75 ga yer maydonida 1-son shifoxonaga berilgan NM 0018172-sonli guvohnomaga asosan 7ta turli bino mavjud bo‘lsa-da, komissiya tomonidan ushbu yer uchastkalari o‘rganilmagan, binolar holatiga aniqlik kiritilmagan”, - dedi biz bilan suhbatda tuman hokimligi yurist-konsultanti. 

Bundan tashqari, Anvarjon Nodirovning aytishicha, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 7 oktabrdagi 285-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 2-bandiga ko‘ra, aholi punktlarida 1 gektargacha va 1 gektar yer maydonlarini yuridik va jismoniy shaxslarga faqat tanlov asosida doimiy foydalanishga berish belgilangan. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 1-son shifoxonasining foydalanuvidan olingan 0,30 va 0,75 gektarlik yer maydonlari birlashtirilib, tanlovga qo‘yilmasdan tadbirkorga berib yuborilgan. 

Xo‘sh, tadbirkor qurayotgan markaz xususida mahalla faollari qanday fikrda? Biz shu maqsadda bir necha oqsoqollarni so‘zga tutdik. Ularning aytishicha, tuman tibbiyot birlashmasiga tegishli shifoxonaning hozirgi mavjud binosi 2 yildan beri to‘la ta'mirlangani yo‘q. Tadbirkor esa, o‘z hisobidan kredit olmasdan, chiroyli markazni ishga tushirishni rejalamoqda. Bu kabi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, binoni buzdirishning ham uvoli bor. Shuncha mehnat, bunday qurilish ishlarini amalga oshirish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Qolaversa, mazkur mahalla respublikadagi eng yiriklaridan bo‘lib, unda 25 mingdan ortiq fuqaro istiqomat qiladi. 

Shu bilan birga, mahalla fuqarolariga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi birorta dargoh mavjud bo‘lmasa-da, tuman hokimligi yer maydonini qaytarib olib, davlat byudjyetidan 1-shifoxona yangitdan tiklanishini ta'kidlamoqda. Bu hol davlat rahbariyati tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida ham davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirishga alohida e'tibor berilayotgan bir vaqtda kuzatilayotgani ajablanarlidir.  

P.S.: Respublika Bosh prokuraturasi tomonidan 2017 yil aprelida korrupsiyaga qarshi kurash doirasida o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida Tuman yer tuzish va kadastr bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Elyor Nodirov hamda tuman fermerlar kengashi raisi Sherzod Po‘latov 7 ming AQSh dollari olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Bundan avval ularga 2200 AQSh dollari ham berilgan. Ularga nisbatan O‘zR Jinoyat kodeksi 168-modda, 4-qismi, 28-modda qo‘llangan holda, 211-modda, 3-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, 2017 yil avgustida Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi sudlanuvchilarni aybdor deb topgan va E.Nodirov 10 yil 3 oyga, Sh.Po‘latov 10 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. 

Tadbirkor A.Abdullayevning aytishicha, mahkumlar dastavval tuman hokimi G‘.Murodxo‘jayev nomidan kelib, shifoxona qurilayotgan yer maydoni uchun 26 ming AQSh dollari so‘rashgan. Albatta, bu holat sudda o‘z isbotini topmagan. Biroq, “aynan yuqoridagi maxsus amaliyot va sud ishlaridan so‘ng, tuman hokimi bizga berilgan yer maydoni taqdirini qayta ko‘rib chiqish tadorigini ko‘ra boshladi”, - deydi tadbirkor biz bilan mikrofonsiz suhbatda. Xullas, tahririyat voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Tolib Rahmatov,
KUN.UZ jurnalisti

Ko‘proq yangiliklar: