«Obod mahalla» dasturiga ham kiritilmagan Toshkentdagi ta'mirtalab uylar taqdiri kimni qiziqtiradi?

Jamiyat 21:10 / 19.09.2018 8671

Kun.uz’ga Shayxontohur tumani, Labzak ko‘chasida joylashgan 85-A uyda istiqomat qiluvchi pensionerlar  murojaat yo‘llashdi. Fuqaro Sultonboy To‘xtayevning murojaatida bayon etilishicha, Shayxontohur mahallasiga qarashli 85, 85-A va 86-uylar ancha ta'mirtalab ahvolda bo‘lib, ular xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tarkibiga kiritilmagan. Shu sababli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalasi hanuz ochiqligicha qolmoqda.

Masalaning e'tiborli jihati shundaki, «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan mahallaning nega aynan shu uchta ikki qavatli uy e'tibordan chetda qolyapti? Bir necha o‘n yillardan beri fuqarolarni qiynayotgan muammo hal etilmasligiga nima sabab bo‘lmoqda? Savollar ko‘p, ammo yechimdan darak yo‘q. Murojaat ketidan tushib, har bir savolga birma-bir javob izlashga harakat qilamiz.

To‘xtayevning aytishicha, shu yilning aprel oyida Shayxontohur tuman hokimligi vakillari ushbu xonadonlarga tashrif buyurib, uylar «Obod mahalla» dasturiga kiritilgani haqida ta'kidlab o‘tishgan. Lekin biroz vaqt o‘tib bu uylar buzilishi, o‘rniga yangi turar-joy maskanlari qurilishi haqida gap tarqalgan.

Xo‘sh, shunday bo‘lsa, uylar qachon buziladi? Hokimiyat aholiga bu haqda nega aniq bayonot berolmayapti?

Dastlab «Shayxontohur» M.F.Y. raisi Nig‘mat Rahimjonov bilan uchrashib, quyidagi javobni oldik: «Men boshqarayotgan «Shayxontohur» mahalla hududi «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan, ammo fuqaro S.To‘xtayev yashayotgan 85-A uy va unga qo‘shni bo‘lgan 85 va 86-uylar buzilishi munosabati bilan haligacha ta'mirlab berilmagan. O‘tgan yilning dekabrida hokimiyat mutasaddilari 85, 85-A va 86-uylarni buziladi deb aytishgandi. Lekin haliyam aniq javobni bilmaymiz.

Hokimiyatdan so‘raganimda, qoniqarli javob ololmaganman. Uylarni xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga kiritish masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu turar joylarda yashaydiganlar soni kam. Ikki qavatli uyda atigi 8ta xonadon bor. O‘z-o‘zidan kommunal to‘lovlar ham ko‘p qavatli uylarnikidan yuqori bo‘ladi. Xarajatlar o‘zini qoplamaydi. Istiqomat qiluvchilarning ko‘pchiligi pensionerlardan iborat. Ularning bunga qurbi yetmaydi. Bankdan kredit olib ta'mirlasa ham bo‘ladi, ammo uni keyin to‘lash-chi? Bu haqda kim bosh qotiradi? Buziladigan uylar uchun qaysi tashkilot mablag‘ ajratib, ta'mirlab berish mas'uliyatini bo‘yniga oladi?».

Shayxontohur tumani arxitektori masalaga qanday izoh berdi?

Tuman bosh arxitektori Ulug‘bek Rahimov «Shayxontohur» mahallasi hududi «Obod mahalla» dasturiga kiritilgani, ammo yuqoridagi turar joylar buzilishga tushgani uchun dastur doirasida ta'mirlanmasligi haqida ma'lumot berdi. Asosiy sabab 2017 yil 24 noyabrda «Yer maydonida obodonlashtirish va buzish ishlarini olib borish haqida» Toshkent shahrining sobiq hokimi Rahmonbek Usmonovning 1562-sonli qarori bo‘ldi.

Unga muvofiq, Shayxontohur tumani, Labzak ko‘chasi bo‘yida (chegara rejasiga asosan) turar va noturar joy binolar buzilishi hisobiga, hududda obodonlashtirish ishlarini olib borishga ruxsat berilgan. «MUSTAHKAM QURILISH BIZNES» mas'uliyati cheklangan jamiyati bu yerdagi turar joylarni buzib, o‘rniga yangisini qurish mas'uliyatini o‘z zimmasiga olgan va aholiga kompensatsiya pulini to‘lab berishi lozim.

Hokimiyat nima deydi?

Shayxontohur tumani hokimiyatiga fuqaro S.To‘xtayevning murojaatini taqdim etdik. Hokimiyat bosh mutaxassisi Ravshan Xolmatov ushbu ikki qavatli uylar tegishli tartibda buzilishga tushgani va «MUSTAHKAM QURILISH BIZNES» mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘sha hududda yangi uylar barpo etish vazifasini zimmasiga olganini tasdiqladi. Hokimiyat vakilining ta'kidlashicha, buzish ishlari qachon amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat tuman hokimligi vakolatida emas.

Muhabbat Ma'mirova

Ko‘proq yangiliklar: