Dunyodagi eng qimmatbaho restoranlardan birida ovqatlangan Maduro venesuelaliklar g‘azabini keltirdi

Jahon 22:15 / 19.09.2018 26949

Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning Istanbuldagi eng qimmatbaho restoranlardan birida tushlik qilayotgani videosi hozirda og‘ir iqtisodiy inqirozdan aziyat chekayotgan minglab yurtdoshlari g‘azabini keltirdi.

Videoda taniqli turkiyalik oshpaz Nusrat Gyokche o‘zining Gokce's Nusr-Et restoranida Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores oldida go‘shtni mohirona kesayotgani tasvirlangan.

Gyokche instagramda Maduroning tashrifi bilan bog‘liq 3 ta videoni joylashtirgan, biroq keyinroq ularni o‘chirib tashlagan. Ammo ijtimoiy tarmoqning ko‘plab foydalanuvchilari ushbu videolarni tarqatishga ulgurishgan.

Videoda go‘shtga o‘ziga xos tarzda tuz sepishi sababli Salt Bae degan nom olgan oshpaz Maduro va uning rafiqasiga xizmat ko‘rsatayotgani aks etgan. Bunda Maduroning “Bunaqasi hayotda bir marta bo‘ladi” deganini eshitish mumkin.

Bu orada venesuelaliklarning uchdan ikki qismi oxirgi yillarda to‘yib ovqatlanmasliklari sababli oriqlab ketgan. Mamlakatda oziq-ovqat va birinchi ehtiyojdagi tovarlar bilan bog‘liq vaziyat tobora yomonlashmoqda. Maduroning bu tashrifi hammadan ko‘proq venesuelaliklarni g‘azablantirgan. Mamlakat aholisining 64 foizi o‘rtacha 11 kg ga oriqlab ketgan. Bolalar o‘rtasida to‘yib ovqatlanmaslik rekord darajaga yetgan, 2014 yildan beri mamlakatni 2,3 mln kishi tark etgan.  

Ushbu videoni joylashtirgan foydalanuvchi oshpazga “Sen bu videoni o‘chirishga qaror qilding, biroq sen qilganing qoldi. Sharmandalik! Sen minglab venesuelaliklarning to‘yib ovqat yemasligi va o‘limi uchun javobgar zulmkorga xizmat qilding”, deb murojaat qilgan.

Venesuela muxolifati yetakchisi Xulio Borxes tvitterda “Venesuelaliklar ochlikdan aziyat chekib, o‘layotgan bir paytda Nikolas Maduro va Siliya Flores dunyoning eng qimmatbaho restoranlaridan birida vaqtichog‘lik qilishmoqda. Bularning barchasi Venesuela halqidan o‘g‘irlangan pullar evaziga”, deb yozgan.

Boshqa videolarda esa Maduro uning nomi o‘yib tushirilgan qutidan sigara olib chekayotgani, uning rafiqasi esa turk oshpazining surati tushirilgan futbolkani ushlab turgani tasvirlangan.

Gyokche AQSh, Yaqin Sharq va Turkiyada bir necha hashamatli restoranlarga egalik qiladi. Uning restoranlaridagi ba'zi go‘shtli taomlar bir necha yuzlab dollar turadi. 

Maduroning o‘zi Xitoydan ortga qaytayotganda Istanbuldagi to‘xtashi vaqtida restoranda bo‘lganini tasdiqlagan va “Nusrat shaxsan o‘zi bizga xizmat qildi. Biz u yoqdan-bu yoqdan gaplashib, u bilan birga yaxshi vaqt o‘tkazdik”, deb tan olgan.

Gyokchening o‘zi esa bu uchrashuvga hech qanday izoh bermagan.

Ko‘proq yangiliklar: