Mahalla nozirining fuqaroga gaz balloni bermaslikdan manfaati nimada edi?

Jamiyat 13:42 / 17.09.2018 15204

Kuz-qish mavsumi yaqinlashib kelishi bilan tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Har kim issiq jon, qishning qirovli kunlarida qiynalishni istamaydi. Va bu tabiiy holat, albatta. So‘nggi yillarda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilgan adolatli siyosat natijasida mamlakatning ko‘plab hududlari gazlashtirildi. Tabiiy gaz quvuri yetib bormagan joylarga esa suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yildi va u tartibga solindi. 

Biroq ayrim hududlarda zamonaviy islohotlarning asl mohiyatiga tushunmaslikdanmi yoki mensimaslikdanmi suyultirilgan gaz ballonlari tarqatishda adolatsizlik va e'tiborsizlik yuzaga chiqayotgani ma'lum bo‘lmoqda. Buni KUN.UZ tahririyatiga yetib kelgan quyidagi murojaatda ham ko‘rish mumkin. Jumladan, unda shunday deyiladi:

“Assalomu alaykum. Men Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani, “Toshguzar” mahallasida istiqomat qilaman. Mahallamizda ro‘y berayotgan nohaqliklarning barham topishida sizlardan yordam so‘ramoqchiman. Mana, kuz fasli ham kirib keldi, ko‘z ochib yumguncha qishning qahraton kunlari boshlanadi. Shu bois gaz ballonlariga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Mahallamizda gaz ballonlari tarqatishda tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Oddiy, ehtiyoji bor insonlar gaz ballonlarisiz qolib ketmoqda. Buning sababini so‘rasak, aytishmaydi, bilgan joyingga bor deb do‘q urishadi”.

Murojaatchi – Mahmud Ochilovning ma'lum qilishicha, gaz ballon uchun o‘tgan yilning sentabr oyida hujjat topshirilgan, hatto to‘lovi ham qilingan. Ammo gaz balloni unga berilmagan, sababini hujjatlari yo‘qolgan, deb izohlashgan. Shundan so‘ng joriy yilning iyul oyida yana qaytadan hujjat qilinadi, to‘lovlar amalga oshiriladi. Ammo yana mavhumlik ichida qoladi.

- Menga hech kim vaziyat yuzasidan tushuntirish bermadi. So‘rasam, mavhum javoblar, qo‘pol ohangda gapirishlar. O‘zim mavsumiy ishda ishlayman. Qachon, qayerda qora mehnat chiqsa, tirikchilik uchun o‘sha yerda xizmatda bo‘laman. Odam shuncha ezilib ishlasa-yu, el qatori gaz ballonli bo‘lolmasam, ro‘zg‘orimni butlay olmasam. Bu odamning ustidan kulish, uning g‘ururini toptash emasmi?.. – deydi M.Ochilov.

Biz vaziyat bilan yaqindan tanishish maqsadida “Toshguzar” mahallasiga tashrif buyurdik. Murojaatchiga haqiqatan ham suyultirilgan gaz balloni berilmagani ma'lum bo‘ldi. Ushbu mahallaga gaz ballon tarqatish bilan shug‘ullanuvchi nozir Dilmurod Xo‘janovdan fuqaroning gaz ballon so‘rab, tayyorlagan hujjati bor-yo‘qligini so‘radik. D.Xo‘janov hujjatlar mavjudligini aytdi va bir zum vaqt o‘tib, ularni bizga yetkazib berdi. hujjat haqiqatan ham sentabr oyida qilingan, ammo nozir fuqaroga “hujjatlaring yo‘qolgan, shu bois gaz ballon olomaysan”, degani tushunarsiz. Uning bunday deyishidan biror manfaati bormikan, oylab topilmay yotgan hujjat bir pasda topila qoldi... 

- Gaz ballonlarini aholiga tarqatishda, avvalo, kam ta'minlangan, sharoiti og‘ir, boquvchisi yo‘q xonadonlar tanlanadi. Bu ishda bizga mahalla raislari ko‘mak beradi. Murojaatda tilga olingan “Toshguzar” mahallasiga 2017-2018 yillar davomida 491 dona gaz balloni tarqatilgan. Ayni kunlarda yana ro‘yxat shakllantirilmoqda, arizalar qabul qilinmoqda. O‘tgan vaqt davomida ro‘yxatga kirmay qolgan xonadonlarga bu mavsum, albatta, gaz ballonlari yetkaziladi, - dedi biz bilan suhbatda G‘uzor tuman gaz uchastkasi boshlig‘i O.Berdiyev.

Shu kuni, ya'ni 13 sentabrda Mahmud Ochilovning ehtiyoji qondirildi. Endi u ham boshqalar qatori, har tomonlama qulay bo‘lgan suyultirilgan gaz ballonidan foydalanadi. Ro‘zg‘oridan xotirjam, o‘z tirikchiligi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Davlat rahbari ko‘p bora ta'kidlaganidek, aytilayotgan so‘zlar, berilayotgan va'dalar amalda o‘z ifodasini topmasa, olib borilayotgan islohotlarga hech kim ishonmaydi. Shunday ekan, har bir so‘z o‘z amali bilan bo‘lsa, bundan davlat ham, fuqaro ham manfaat topadi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: