«Ochiqlik indeksi» reytingi: Viloyatlar miqyosida Namangan viloyati yetakchi, Samarqand oxirgi o‘rinda

O‘zbekiston 12:10 / 15.09.2018 16039

15 sentabr kuni O‘zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati «ochiqligi indeksi»ning navbatdagi reytingi e'lon qilindi.

«Ochiqlik indeksi» reytingi 59ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organini, jumladan, 22ta vazirlik, 11 qo‘mita, 7 agentlik, markazlar, viloyatlar, Toshkent shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasini qamrab olgan. 

Ushbu reytingdagi uchlikni Adliya vazirligi (88,12 ball), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (75,85 ball) hamda Markaziy bank (66,75 ball) egalladi. Ilk reytingda 12-o‘rinda bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi (64,30 ball) to‘rtinchi o‘rinda, ilk reytingda birinchi o‘rinda bo‘lgan Davlat soliq qo‘mitasi (63,56 ball) esa beshinchi o‘rinda joylashgan.

Eng oxirgi o‘rinlarni esa O‘zbekiston respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (26,90 ball bilan 43-o‘rin), O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (26,00 ball bilan 44-o‘rin) hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi (15,83 ball bilan 45-o‘rin) band etgan.

Hokimiyatlar miqyosida esa Toshkent shahri hokimligi yaqqol yetakchi - 72,07 ball bilan birinchi o‘rin. Viloyatlar miqyosida Namangan viloyati hokimligi 65,82 ball bilan birinchi o‘rinda, keyingi o‘rinlarni 65,42 ball bilan Qashqadaryo viloyati hokimligi, 56,30 ball bilan Toshkent viloyati hokimligi egallagan. Ro‘yxatning quyi qismida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (45,68 ball), Sirdaryo viloyati hokimligi (44,86 ball) hamda Samarqand viloyati hokimligi (41,34 ball) o‘rin olgan.

Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha jamoatchilik kengashi shakllantirilgan. Ushbu kengash 2016 yildan boshlab ekspertlar ishtirokida davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilib, baholash natijalarini har yili ikki marta e'lon qilishni boshlagan.

Ko‘proq yangiliklar: