Scrub Daddy: idish yuvish gubkasini smaylikka aylantirib, uni 100 million dollarga sotdi

Light 16:48 / 14.09.2018 12466

Amerikalik Aaron Krauz idish yuvish gubkasi bozorida ajralib turish yo‘lini o‘ylab topdi. Bugun uning gubkalari AQShdagi eng mashhur gubkalardan sanaladi. Besh yil davomida kompaniya 50 millionta gubka sotishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Scrub Daddy

Ma'lumotlar:

Sayt: scrubdaddy.com.

Start vaqti: 2012 yil.

Xodimlar: 50 ta kishi.

Asoschilarning startdagi yoshi: 42 yosh.

Asoschilarning oldingi faoliyati: tadbirkor

Imkoniyat

Foto: Scrub Daddy

Idishlarni yuvish gubkasi – har bir oshxonadagi zaruriy element.Idish-tovoqlarni yuvish, mashinani tozalash, uyni saranjom qilishda turli ishlab chiqaruvchilar gubkalaridan foydalanamiz. Kundalikda foydalaniladigan element bizga shu qadar oddiy ko‘rinadiki, uning materiali, ishlab chiqaruvchisi va turli qo‘shimcha funksiyalarni tanlash uchun vaqt sarflamaymiz.

Biroq gubkadan foydalanganda juda ko‘p muammolarga duch kelinadi: juda tez eskiradi, qattiq gubkalar yuzalarni tirnashi va zarar keltirishi mumkin, har bir gubka idishlarning muayyan turi uchungina mos keladi.

Scrub Daddy (Cho‘tka ota) kompaniyasi asoschisi Aaron Krauz ham aynan shunday muammoga duch keldi. Avtomobilini tozalayotgan paytda uni o‘ta qattiq gubka bilan tirnab oldi. Ana o‘shanda u yuvish gubkalari bozorida hamma narsani yuvish uchun mos keladigan universal gubka kashf etilmagani haqida o‘ylanib qoldi. Scrub Daddy g‘oyasi ana shunday paydo bo‘ldi.

Scrub Daddy gubkasidan qanday foydalaniladi?

Scrub Daddy sayti ma'lumotlariga ko‘ra, ularning gubkalari quyidagi jihatlari bilan ajralib turadi:

  • kirlangan buyumlarni tozalash uchun ko‘p jismoniy harakat talab etilmaydi;
  • qo‘ldan sirpanib ketmaydi;
  • nozik buyumlarni yuvishda qo‘llash mumkin;
  • kuygan ovqat qoldig‘ini oson yuvadi;
  • odatiy gubkalar kabi yoqimsiz hid taratmaydi;
  • Tezda toza bo‘ladi.

Smayl dizaynida yaratilgan gubka nafaqat do‘kon peshtaxtalarida ajralib turadi, balki qo‘shimcha funksionallikka ega: idish yuvish vaqtida ko‘zlar uchun ochilgan teshikka barmoqlarni tiqib, stakanni yuvish mumkin. Smayl og‘zidan sanchqi, qoshiq va boshqa kichik predmetlarni yuvishda foydalaniladi. Agar gubka muzlatgichga qo‘yilsa, qattiq bo‘ladi, iliq suvda esa aksincha yumshoq holatga keladi.

Amerikaliklarning sevimli gubkasi idish yuvishga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirdi. Shu kunga qadar 50 milliondan ortiq kishi narxi qimmat bo‘lishiga qaramay, Scrub Daddy gubkalarini sotib oldi: olti gubkadan iborat to‘plam odatda 4-6 dollar turadi, Scrub Daddy esa – 14 dollar.

Qanday boshlashgan?

Foto: Scrub Daddy

Universitetni tugatgach, Scrub Daddy’ning bo‘lajak asoschisi Aaron Krauz kichik avtomobil biznesini boshqarardi. Kompaniya tez rivojlandi va 1994 yilga kelib, muvaffaqiyatga erishdi. Bir kuni Krauz ish faoliyati davomida mashinalardan birini qattiq gubkada tirnab oladi. Bu unda buyumlar yuzasini yaxshi tozalaydigan, ularga zarar yetkazmaydigan gubkalar zarurligi haqida fikr uyg‘otdi.

Qo‘llarni yog‘li moddalardan himoya qilish maqsadida Krauz gubkaga poliuretan bo‘lagini qo‘shdi. Yangi kashfiyot a'lo darjada ishlardi. Dastlab Krauz kompaniyasi pardozlaydigan gubkalarni ishlab chiqardi. Keyin esa ishlab chiqarishga oddiy gubkalarni ham qo‘shdi. 2008 yilning avgustida 3M Krauz kompaniyasini qo‘lga kiritdi. Biroq oddiy gubkalarni ishlab chiqaruvchi liniyani zavodda qoldirdi.

Bir necha yil o‘tgach, Krauzning turmush o‘rtog‘i undan juda kir bo‘lgan bog‘ mebelini tozalashni so‘radi. Kruz tashlab qo‘yilgan to‘plamdagi gubkani topib oldi va u mebelni yaxshi tozalab, uning yuzasiga zarar yetkazmasligini payqadi. Gubkalar idishlarni ham yaxshi tozalardi. Oshxona buyumlarini yuvish uchun gubkada barmoqlar kiradigan teshik ochdi.

Yangi gubkalarni Krauz oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘iga sotdi. Biroq savdolar u qadar yuqori bo‘lmadi. Ana o‘shanda Krauz AQShning startaplar uchun Shark Tank shousida ishtirok etishga qaror qildi. Shouning mohiyati shundaki, mahsulot va xizmatlar bilan shug‘ullanadigan kichik biznes vakillari investorlarga o‘z g‘oyalari haqida so‘zlab berishadi. Agar ular rozi bo‘lsa, g‘oyaga pul tikiladi.

2012 yilda Krauz Shark Tank’ning to‘rtinchi mavsumida ishtirok etayotganida mahsulot investorlarni qiziqtirishi mumkinligiga ishonchi komil emasdi. Biroq teledo‘konlar orqali savdolar natijasida boylik orttirishga muvaffaq bo‘lgan investor Lori Greyner Krauz mahsulotida salohiyat ko‘ra oldi va kompaniyaning 20 foizlik ulushi evaziga 200 ming dollarlik kelishuvni amalga oshirdi.

Greyner Krauzga Scrub Daddy mahsulotlar lineykasini QVC, Bed Bath & Beyond, Walmart va Target kabi savdo maydonchalarida kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. U yerda mazkur gubkalar bestsellerga aylandi.

Agar Shark Tank’ka chiqqunicha Scrub Daddy savdolari to‘rt oy uchun 100 ming dollarga teng bo‘lsa, dasturning Krauz tushgan epizodi efirga uzatilgach, kompaniya 18 oyda 18 million dollar ishladi.

Shark Tank epizodidan keyin ancha yil o‘tgach ham Krauz kompaniyasi o‘z gubkalarini sotmoqda. Krauz mahsulot eskirmasligi uchun gubkalar rangi, dizayni, hajmini o‘zgartiradi. Bugun kompaniya mahsulotlari orasida ikki turli materialdan ishlangan Scrub Mommy, limon hidi qo‘shilgan - Scrub Daddy Lemon Fresh, odatiy dizaynga ega bo‘lmagan to‘g‘ri to‘rtburchak - Big Daddy va  kirlanishlarni tozalash uchun turli tovarlar mavjud.

Biznesning bugungi holati

Foto: Scrub Daddy

Kompaniya daromadi 2015 yil uchun 20 million dollarga teng bo‘lgan.

Asos solingan davridan beri kompaniya 100 million dollarlik gubkalarni sotgan. Bu esa SharkTank ishtirokchi kompaniyalari orasidagi eng katta daromad. Greynerning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi uch yil ichida Scrub Daddy 75 million dollar hajmida daromad olib kelgan.

Aaron Krauz va Lori Greyner yaqin hamkorlikni davom ettirishmoqda. Bugun Aaron Scrub Daddy’ni bozorning Brillo va Lysol gigantlari orasida dunyo brendiga aylantirish istagida.

2016 yilda Aaron EY fikri bo‘yicha “Yil tadbirkori” deb topilgan.

Ko‘proq yangiliklar: