Joriy yil iyun oyida Janubiy Uralning “Churilovo” agroxoldingi “O‘zagroeksport” kompaniyasi va yetakchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan mavsumiy sabzavot hamda mevalarni yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolagandi. Iyul oyidan boshlab Ural va Sibir hududlarida O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlar jo‘natila boshlandi. O‘tgan qisqa davrda bu boradagi eksport hajmi 700 tonnadan oshib ketdi. Bu haqida Chelyabinsk viloyati gubernatori O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvi chog‘ida aytib o‘tdi, deb yozadi “Xalq so‘zi”.
“Bizning savdo aloqalarimiz tezlashib boryapti. O‘zbekiston Respublikasi bilan tovar aylanmasini jiddiy faollashtirgan “Soyuzpishcheprom”, “Makfa”, “Sigma”, “Resurs” yetakchi korxonalari bu ishga katta mablag‘ yo‘naltirgan. Eksport jo‘natmalari hajmi 12 ming tonnaga yaqinlashib qoldi. “Churilovo” agroxoldingi va “O‘zagroeksport” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik qilish bo‘yicha bitim imzolangan. Tovar aylanmasini ko‘paytirish istiqbollari mutlaq haqiqat deb hisoblayman”, - dedi gubernator.
O‘tgan yilda Chelyabinsk viloyati va O‘zbekiston o‘rtasida mahsulot ayirboshlash 2016 yilga nisbatan 76 foiz o‘sib, 291 mln. dollarni tashkil etdi. O‘sish tendensiyalari joriy yilda ham kuzatilmoqda. Masalan, dastlabki olti oyda tovar aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foiz oshib, 152 mln. dollarga yetdi.
Uchrashuv davomida agrosanoat kompleksi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish, savdo-iqtisodiy sohalarda o‘zaro hamkorlik qilish va kooperatsiyani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.