3 sentabr kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idan uzilib qolgan o‘zbekistonliklar bir hafta o‘tib yana ushbu ijtimoiy tarmoqdan muammosiz foydalana boshlashdi.
12 sentabr kunidan boshlab O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari Facebook sahifasiga proksi va xususiy virtual tarmoq – VPN (Virtual Private Natwork) ishlatmagan holda ham kirishi mumkin bo‘lmoqda.
Oy boshida ushbu ijtimoiy tarmoqqa kirishda muammolar paydo bo‘lgach, foydalanuvchilar orasida bu ijtimoiy tarmoq O‘zbekistonda yopilgani to‘g‘risida taxminlar paydo bo‘lgandi.
«O‘zbektelekom» esa bunday ehtimolni rad etib, Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropadagi boshqa mamlakatlarda ham shunday muammolar kuzatilayotganini ta'kidladi.
Facebook bir haftadan ko‘proq muddat ishlamaganiga shundan boshqa izoh berilmadi.
Qayd etish kerakki, Facebook bilan muammo boshlangach, O‘zbekistondagi Android va iOS qurilmalari egalari VPN dasturlarini ommaviy yuklab ola boshladi va bu Google Play’da ham o‘z aksini topdi - Secure VPN va Thunder VPN O‘zbekiston bo‘yicha eng yuklanib oluvchi ilovalar 20taligiga kirdi.
Ma'lum bo‘lishicha, Facebook bilan muammolar qo‘shni Tojikistonda ham kuzatilgan.
Tojikistonliklar avgust oyi boshida, Dang‘aradagi teraktdan keyin ijtimoiy tarmoqqa kira olmay qolishgan.
12 sentabr kuni Tojikistonda ham Facebook yana ishlay boshlagan.