Andijondagi toza ichimlik suvi muammolari zudlik bilan bartaraf etildi

Jamiyat 14:56 / 08.09.2018 16800

Kelajakda aholi sonining yanada oshishi bilan ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj keskin ortadi. Shuning uchun ham yaqin yillarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash eng dolzarb muammolardan biri bo‘lishiga shubha yo‘q. Biroq unga qadar suvga bo‘lgan munosabat o‘zgarishi shart.

KUN.UZ yangi – “So‘z sizga” loyihasining ilk sonida toza suv isrofi bo‘yicha Andijon shahridagi manzaralarni tilga olgandi.

Mazkur lavha efirga ketishi bilan muammolar O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi nazoratiga olindi. Andijon viloyat hokimi mazkur masalaga jiddiy e'tibor berdi. Viloyat mutasaddilari ishga kirishdi. 3 kun ichida toza suv isrofi bartaraf etildi.

Birinchi manzil: Andijon shahar, Yuldashev ko‘chasidagi temir quvur nosozligi joriy yil 29 iyul kuni bartaraf etilgan. Ta'kidlash kerak, mazkur tasvirlar 4 iyulda suratga olingan edi. Demak 25 kundan so‘ng nosozlik bartaraf etilgan.

 Keyingi manzil Andijon shahar, Furqat ko‘chasidagi markaziy suv tarmog‘idan ko‘p qavatli uylarga ulangan nuqtadagi quvur nosozligi 5 sentabr kuni bartaraf etildi.

Uchinchi manzil:  Andijon shahar, O‘zbekiston ko‘chasining boshidagi katta miqdordagi kuchlanish bilan oqayotgan suv quvurining nosozligi edi. Mazkur nosozlik ham 5 sentabr kuni bartaraf etilgan.

Galdagi manzil: Soy dahasidagi 3 ta nuqta. Biri favvora bo‘lgan ulkan suv quvuridagi yoriq. Aslida, bu yoriq emas, aksincha, maxsus suv quvuridagi havoni chiqarib yuborish uchun qo‘yilgan joy ekan. Shunday bo‘lsada bu nuqta quvurning boshqa joyiga o‘tkazilgan. Bozorcha orqasidagi yana bir nosozlik. Mazkur muammo 6 sentabr kuni bartaraf etilgan. Va so‘nggi manzil Soy dahasi markazidagi nosozlik. Soyga oqizilgan toza suv. Ayni damda bu nosozlikni ham bartaraf etish ishlari yakunlanmoqda.   

Andijon viloyati “Suvoqava” davlat unitar korxonasi boshlig‘i Shuhratbek Matmusayev shunday deydi:

“Andijon viloyati hokimining tashabbusi bilan va aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida shu kunga qadar 77 mlrd 600 ming so‘mlik mablag‘ ajratildi. Ayni damda pudratchilar tomonidan tegishli tartibda zarur ishlar amalga oshirib borilmoqda. KUN.UZ tomonidan Andijondagi toza ichimlik suvi muammosini hal etish uchun ishchi guruh tashkil etildi va muammolar bartaraf etildi”.  

Suvni tejash, undan oqilona foydalanish va kelgusi avlodga yetkazib berish har birimizning burchimizdir. Suvga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish payti keldi. KUN.UZ toza suv isrofi bo‘yicha o‘z ishini davom ettiradi. Bizni keyingi manzillarda kuting!

Ko‘proq yangiliklar: