Qiymado‘zni qiynayotgan muammolar: xalq Kattaqo‘rg‘on tumani mutasaddilaridan yechim kutmoqda

Jamiyat 17:30 / 06.09.2018 13046

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani «Nayman» mahallasidagi Qiymado‘z qishlog‘ining bir guruh fuqarolaridan Kun.uz tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Unda qishloqdagi bir qator muammolar bayon etilgan va ularning hal etilishida amaliy yordam so‘ralgan.

Murojaatnomada qayd etilgan aholini qiynayotgan masalalarni joyida birma-bir o‘rgandik.

Qiymado‘z qishlog‘ida bugungi kunda 200ga yaqin xonadon bo‘lib, bu yerda 1000 nafarga yaqin kishi istiqomat qiladi. Ushbu qishloq Navoiy viloyatining Xatirchi tumani markazi bilan chegaradosh. O‘rtasidan Oqdaryo daryosi oqib o‘tgan. Qishloq aholisining Xatirchi tumaniga qatnovi uchun 1987 yilda daryoda temirdan ko‘prik qurilgan. Bu ko‘prikdan nafaqat xatirchiliklar, unga yaqin bo‘lgan bir nechta qishloq aholisi foydalanib keladi. Ayni vaqtda ko‘prik holati yaxshi emas. Xavfsizlik me'yorlariga umuman javob bermaydi. Aholini qiynayotgan asosiy masalalardan biri shu.

Sababi — qishloq bolalarining aksariyati Xatirchi tumani markazida joylashgan Yangirabot shaharchasidagi rus tilida ta'lim beriladigan maktabga qatnaydi. Qishloq aholisi deyarli har kuni turli yumushlar, ehtiyojlar va bozor-o‘char uchun Yangirabotga shu ko‘prik orqali boradi. Qishloq aholisining aytishicha, o‘tgan yili ko‘prikdan bir maktab o‘quvchisi tushib ketib, vafot etgan.

— Ushbu ko‘prik holatidan xabarimiz bor, — deydi Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi qurilish bo‘yicha bosh mutaxassisi M.Rasulov. — Ko‘prikni ta'mirlash choralarini ko‘ramiz. Hech qanday dasturga kiritilmagani bois homiylarni jalb qilishga harakat qilamiz.

Qishloq fuqarolarining aytishicha, ko‘prik ta'miri uchun bir necha marta pul yig‘ishgan, ammo mablag‘ ko‘prikni qoniqarli darajada ta'mirlash uchun yetarli bo‘lmagan. Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligiga shu masalada ko‘p bora murojaat qilishgan. Biroq amaliy yordam berilmagan.

Yana bir masala. «Qishloqdan Kattaqo‘rg‘on tuman markazi Payshanba shaharchasigacha bo‘lgan 37 kilometrlik yo‘l abgor holatda. Avtomobillar masofani 1,5–2 soatda yo‘l terib bosib o‘tadi. Tuman mutasaddilari har yili yo‘limizni tuzatish haqida qop-qop va'da bergani bilan amaliy natija bo‘lgani yo‘q. Hatto fermerlardan yo‘lni tuzatamiz, deb pul ham yig‘ishgan. Lekin «aldagani bola yaxshi», deyishganidek, falon dasturga kiritildi, deb aldashadi. Ayting-chi, bu dasturbozliklarning oxiri bormi?», — deyiladi murojaatnomada.

Haqiqatan ham murojaatnomada aytilgan ko‘chaning ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, daryodan tosh, shag‘al olib tashiydigan yuk mashinalari o‘tadigan qismi xalq tili bilan aytganda haqiqiy «garmoshka».

Bu yo‘ldan o‘zimiz ham o‘tdik, azobini ko‘rdik va qishloq aholisi nechog‘lik haq ekanligiga amin bo‘ldik. Bu masalada ham tuman mutasaddisidan izoh so‘radik.

— Bu yo‘lni kelgusida ta'mirlash rejalashtirilgan, — deydi Kattaqo‘rg‘on tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi 288-yo‘l bo‘limi boshlig‘i Farhod Saidov.

Fuqarolarga shunday va'da berildi ammo ijrosi qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.

Qishloq aholisini qiynayotgan muammolardan yana biri — bu ichimlik suvi. Har bir xonadonda suv tarmog‘i qazilgan lekin loyqa, qum aralash suv chiqadi. Uni 3 soat tinitib qo‘yib, keyin iste'mol qilishadi. Bu masala ham bir necha yillardan beri hal etilmasdan kelinmoqda.

— Qishloqqa ichimlik suvi tarmog‘i tortish 2019 yil tuman dasturiga kiritilgan, — deydi Kattaqo‘rg‘on tumani «Suvoqova» korxonasi boshlig‘i Isroil Yusupov. — Maxsus texnikalarimiz yo‘qligi tufayli, bu yerga ichimlik suv tashib keltirolmaymiz. Traktorlarda ichimlik suvi olib keladigan bo‘lsak, yoqilg‘isi qimmatga tushadi.

Mutasaddining izohi shunday. Ammo qishloq aholisi iste'molga yaroqsiz suvni ichayotganligi ham haqiqat.

O‘rganishimiz jarayonida ma'lum bo‘lishicha, qishloqning bir qismida 19ta xonadon sud tomonidan noqonuniy deb topilgan. Asosiy muammolardan biri ham shu.

«Yaqinda majburiy ijro byurosidan kelib, 19ta xonadon noqonuniy qurilgan, buzamiz, deyishdi. Vaholanki, uylarimiz kadastr qilingan. Lekin kadastr qog‘ozini qo‘limizga berishgani yo‘q. Uylarimiz joylashgan hudud allaqachonlar fermer balansidan chiqarilgan ekan. Endi hokimiyatdagilar kelib, har bir sotixiga 500 mingdan bersang tegmaymiz, bo‘lmasa buzamiz, deb do‘q-po‘pisa qilyapti. Biz ishsiz bechoralar buncha pulni qayerdan olamiz? Xarob ahvoldagi qishlog‘imizni o‘rganishga kelganlar ham hech narsa qilib bermadi. Qaytanga umidvor qilib ketdi, xolos», — deydi shu qishloqda yashovchi Go‘zal Eshmurodova.

— Bu xonadonlar o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilgan, — deydi Samarqand viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Kattaqo‘rg‘on tuman filiali mas'ul xodimi Shohista Tosheva. — O‘sha payti bu yer «Ortiq Usmonov» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan. Hozir tuman hokimligi zaxirasiga olingan. Biz bu xonadonlar uchun haqiqatan ham kadastr hujjatlari tayyorlaganmiz. Xonadon egalari belgilangan to‘lovlarni ham amalga oshirgan. Ammo bu noqonuniy qurilgan uylar buzilishi haqida sud qarori chiqqanligi uchun jarayon to‘xtagan. To‘lov pullari qaytariladi.

O‘rganishimiz davomida aniqlandiki, haqiqatdan ham bu uylar o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy qurilgan.

Tuman hokimining 2017 yil 14 noyabrdagi «Kattaqo‘rg‘on tumanida yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, noqonuniy egallab olingan yer uchastkalarini aniqlash va qonunda belgilangan tartibda qaytarish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, «Ortiq Usmonov» fermer xo‘jaligi yer maydonlarida monitoring o‘tkazilganida fermer xo‘jaligi balansida bo‘lgan №207-konturdagi sug‘oriladigan yer maydonidan «Nayman» mahallasi Qiymado‘z qishlog‘ida yashovchi 19 nafar fuqaro tomonidan jami 1,56 gektar yer maydoni noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, uy-joy qurilganligi aniqlangan.

Fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda egallab olingan yer maydonini «Ortiq Usmonov» fermer xo‘jaligi balansiga qaytarish bo‘yicha 2017 yil 5 dekabrda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritilgan.

Ushbu da'vo arizasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudida 2018 yil 11 may kuni ko‘rib chiqilib, javobgarlarga nisbatan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilishlarni majburiy tartibda buzish, yer maydonidan chiqarish va yer maydonini «Ortiq Usmonov» fermer xo‘jaligi hisobiga kaytarish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori qabul qilingan. Ushbu hal qiluv qarori ijrosi bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan ijro harakatlari boshlangan.

Tuman hokimining 2018 yil 24 fevraldagi qaroriga asosan, «Ortiq Usmonov» fermer xo‘jaligi yer maydonlari tuman zaxira yerlari hisobiga qaytarib olinib, fermer xo‘jaligi bilan tuman hokimligi o‘rtasida tuzilgan uzoq muddatli yer ijara shartnomasi bekor qilingan.

Tuman zaxira yerlari hisobiga qaytarib olingan yer maydonidan tuman hokimining 2018 yil 5 martdagi qaroriga asosan «Suhrobjon Esonov vohasi» fermer xo‘jaligi tashkil etilib, yer ajratib berilgan. Fuqarolar tomonidan noqonuniy egallab olingan yer maydonlari tuman hokimligi zaxira yerlari hisobida qoldirilgan.

Ma'lumki, 2018 yil 20 aprelda Prezidentimizning «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Unda 2019 yil 1 maygacha mazkur Farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga nisbatan mulk huquqi ushbu obektga o‘z shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga quyidagi shartlar asosida:

  • ushbu yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashmagan bo‘lsa;
  • o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini buzmayotgan bo‘lsa, shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasa yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa e'tirof etilishi belgilab qo‘yilgan.

— Bu masala ko‘rib chiqiladi, — deydi Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi qurilish bo‘yicha bosh mutaxassisi M.Rasulov. — Agar Farmonda belgilangan talablariga to‘g‘ri kelsa, ushbu muammo hal etiladi. Tegishli tartibda qonuniy o‘rganib chiqiladi. Ammo fuqarolar tomonidan noqonuniy egallangan yerning har sotixiga 500 ming so‘mdan pul talab qilindi, deya bildirilgan vajlar asossiz.

Ayni vaqtda noqonuniy qurilgan uylarda 200dan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Tuman hokimligi ushbu masalani tez kunlarda bir tomonga hal etishiga umid qilamiz.

Fuqarolarning aytishicha, uylarning kadastr hujjatlari bo‘lmagani tufayli ularga suyultirilgan gaz balonlari ham berilmayapti. Bu esa ularga ayniqsa, qish kunlarida bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

O‘rganishimiz yakunida qishloq aholisi yana bir masalada yordam so‘radi. Ularning aytishicha, qishloqda maktabgacha ta'lim muassasasi yo‘q. Shu bois ular qishloqdagi bo‘sh turgan uydan xonadon egasi roziligi bilan uy bog‘chasi tashkil qilish bo‘yicha tuman hokimligi, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi va boshqa mas'ul tashkilotlarga tashabbus bilan chiqqan. Ammo ularning bu murojaati ham e'tiborsiz qolayotganini bildirishdi.

Xullas, qiymado‘zliklarni mana shunday muammolar qiynab kelmoqda. Kattaqo‘rg‘on tumani mutasaddilari ushbu masalalarni yechishi, murojaatchilar haq bo‘lsa ijobiy hal etishi, nohaq bo‘lsa buni ularga o‘z vaqtida asoslab berishi zarur. Shundagina turli tushunmovchiliklar, turli tashkilotlarga murojaatlar, sarson-sargardonchiliklarga barham beriladi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: