Telegram terrorizmda gumonlanayotgan foydalanuvchilar haqidagi ma'lumotlarni oshkor qiladi. Bunda ma'lum bir foydalanuvchi terrorchilik faoliyatida gumonlanayotgan bo‘lishi va sud qarori taqdim etilishi lozim. Qoidaga ko‘ra, Telegram Federal xavfsizlik xizmati talab qilganidek shifrlash kalitlarini bermaydi.
Ilgari Telegram qoidalarida messenjer «uchinchi shaxslarning shaxsiy ma'lumotlarini, hech kimga, jumladan, hukumatga ham bermaydi» degan band bor edi va hozirda ushbu band olib tashlandi.
2017 yil iyunda Roskomnadzor Telegram’ni axborot tarqatishni tashkil etuvchilar ro‘yxatiga kiritgandi. Keyinroq FXX Peterburgdagi teraktni sodir etishda ayblanayotganlarning yozishmalarini o‘qish uchun xabarlarni shifrlash kalitlarini talab qilgandi. Kompaniya bu talabni rad etgach, sud Telegram’ga 800 ming rubl jarima soldi, 2018 yil 13 aprelda esa messenjer Rossiya hududida bloklandi.
Kompaniya rahbari Pavel Durovning aytishicha, Telegram yangi qoidani GDPR - Yevropada foydalanuvchilar ma'lumotlarini himoya qilish bo‘yicha yangi qabul qilingan qonunga muvofiq bo‘lishi uchun joriy etgan.
Durov bu borada Rossiya hukumati bilan hamkorlik qilmasligini bildirgan.
Rossiyada Telegram’dan sud qarori bo‘yicha terrorchilarning telefon raqamlari va IP-manzillarini emas, balki barcha foydalanuvchilarning xabarlariga kira olish imkonini berishni talab qilishmoqda.