Osiyo o‘yinlarida o‘ninchi kun yakunlari. O‘zbekiston umumiy reytingda ko‘tarildi

Sport 22:32 / 28.08.2018 40137

28 avgust kuni Indoneziyada Osiyo o‘yinlari musobaqalarida o‘zbekistonlik 21 nafar sportchi yakkalik va jamoa holda 6 sport turi bo‘yicha bahs olib bordi. Turnirning o‘ninchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi jami 7 medalni qo‘lga kiritdi.

Ot sporti
O‘zbekistonlik chavandozlar jamoaviy bahslarda saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, final bosqichiga o‘tishdi. Ammo G‘.Nazarov, N.Tuyakboyev, U.Komilov va O.Sobirjonovdan iborat jamoa finalda muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Yengil atletika
Nigina Sharipova 200 metrga yugurish bahslarida 23,31 soniya natija ko‘rsatdi va yarim finalga chiqdi. U yarim finalda 23,45 sekund natija qayd etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Medallar uchun bahs 29 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Ko‘pkurash (Balandlikka sakrash – 08:30, yadro uloqtirish – 14:45, 200 m.ga yugurish – 18:25) bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan Yekaterina Voronina dastlab 100 metrga yugurish bahslarida 10-natijani ko‘rsatdi. Balandlikka sakrashda esa uchinchi o‘rinni egalladi. U uchta chiqish yakunlariga ko‘ra 11 nafar sportchi ichida yettinchi o‘rinni egalladi.

Sitora Hamidova 5000 metrga yugurish bahslarida 15 nafar sportchi ichida sakkizinchi o‘rinni egalladi.

Badiiy gimnastika

Sabina Tashkenbayeva yakkalik bahslarida yarim finalda eng yaxshi natijani qayd etib, birinchi o‘rinni egalladi. Ammo u finalda 65,850 natija bilan kumush medal oldi. O‘zbekistonlik yana bir badiiy gimnastikachi Nurinisso Usmonova esa to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Birinchi o‘rin qozog‘istonlik sportchi Alina Odilxonovaga (66.800) nasib etdi.

Sinxron suzish
Sinxron suzish bahslarida ishtirok etgan O‘zbekiston jamoasi (Anastasiya Morozova, Anna Yeltisheva Nafisa Shomirzayeva) finalda 10 jamoa orasida oltinchi natijani qayd etishdi.

Boks

Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston boks jamoasining bugun ringga chiqqan uch vakili ham o‘z janglarida g‘alaba qozonib, yarim finalga chiqdi.

Jasur Latipov (-52 kg), Shunqor Abdurasulov (-60 kg) va Bobousmon Baturov (-69 kg) 31 avgust kuni yarim final janglarida ishtirok etishadi.

O‘zbekiston kurash jamoasining bugungi bahslarda ishtirok etgan barcha vakili medal oldi va kurashchilar O‘zbekiston hisobiga eng ko‘p medal keltirgan jamoaga aylanib olishdi.

-66 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qiltgan Ma'ruf G‘aybulloyev saralashda indoneziyalik Timur Aprilianda Adini, nimchorak finalda filippinlik Lamas Al Rolanni, chorak finalda turkmanistonlik Marat O‘razovni, yarim finalda eronlik Ganbari Ganbaralini mag‘lub etib, finalga chiqdi.

Unga finalda O‘zbekistonning shu vazn toifasidagi boshqa vakili Ruslan Bo‘riyev qarshi chiqdi. Bo‘riyev finalga qadar mo‘g‘ulistonlik Basandash Jargalsayxon, nepallik Tapa Upendra, afg‘onistonlik Muhammad Yusuf Shuayb va xitoy taypeyilik Chan Xaochengni mag‘lubiyatga uchratgandi.

O‘zbekistonlik ikki sportchining o‘zaro bahsida G‘aybulloyevning qo‘li baland keldi va kurashdagi ilk oltin medal va kumush medal rasmiylashtirildi.

+90 kg vazn toifasida ham o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.

Nurbek To‘rayev saralash bosqichida livanlik Fadel Jadni, nimchorak finalda mo‘g‘ulistonlik Bayarsayxon Temulinni, chorak finalda afg‘onistonlik Abdulbosir Rahmoniyni mag‘lub etdi. Ammo u yarim finalda eronlik Jafar Pahlavoniyjagarhga yutqazdi va bronza bilan kifoyalandi.

Shu vazn toifasidagi yana bir o‘zbekistonlik sportchi Muhsin Hisomiddinov esa oltin medalga ega chiqdi. U ishtirokini nimchorak finalda boshlab, yaponiyalik Tatsumi Kavaguchi, xitoy taypeyilik Li Poyyen, afg‘onistonlik Mansur Sarvarini mag‘lub etib finalga chiqdi. Finalda esa u yarim finalda Nurbek To‘rayevdan ustun kelgan Jafar Pahlavoniyjagarhga qarshi gilamga chiqib, g‘alaba qozondi.

Ayollar o‘rtasida -52 kg vazn toifasida turnirga kelgan Gulnora Sulaymonova ham oltin oldi.

U finalgacha indoneziyalik Maya Sari Sembiring, qozog‘istonlik Akjo‘l Kayipxan va mo‘g‘ulistonlik Gerelma Erdenetsogtni mag‘lubiyatga uchratgandi. Finalda esa hindistonlik Pinski Balhara taslim etildi.

Shu vazn toifasidagi Oysuluv Abdumajidova esa bronza medallar bilan kifoyalandi. Bahslarga nimchorak finaldan kirishgan Oysuluv Abdumajidova dastlab turkmanistonlik Anastasiya Makeyevani, keyin eronlik Tahira Azarpayvandni yengdi. Ammo yarim finalda hindistonlik Pinski Balharaga mag‘lub bo‘ldi.

Shu tariqa, bugungi bahslarda 3 oltin, 2 kumush va 2 bronza qo‘lga kiritgan O‘zbekiston vakillari umumiy reytingda 11-o‘rindan 9-o‘ringa ko‘tarildi. Ayni vaqtga kelib o‘zbekistonliklar qo‘lga kiritgan medallar soni 38taga yetgan - 9 oltin, 15 kumush va 14 bronza.

Ko‘proq yangiliklar: