Volkswagen yangi mojaro markazida: konsern Meksikadagi qurg‘oqchilikda ayblanmoqda

Fan-texnika 19:00 / 24.08.2018 7350

Volkswagen konserni Meksikaning Puebla shtatidagi qurg‘oqchilikda ayblanmoqda. Aynan shu shtatda konsernning yirik korxonalaridan biri joylashgan. Zavod 1967 yildan beri faoliyat yuritib, yiliga 450 ming dona mashina ishlab chiqaradi va xodimlari soni 15 mingga yaqinni tashkil qiladi. 
 
The Financial Times nashrining yozishicha, konsern yomg‘irlar mavsumi oldidan zavod hududi ustida do‘l yog‘masligi maqsadida akustik tovushlar bilan bulutlarni tarqatuvchi maxsus zambaraklar o‘rnatgan, aks holda do‘l yog‘gudek bo‘lsa zavod avtoturargohida turgan yangi mashinalarga shikast yetishi mumkin bo‘lgan. Mahalliy fermerlarning aytishicha, aynan shu zambaraklar sababli yomg‘ir nafaqat korxona ustida, balki butun hududda yog‘may qo‘ygan.

Fermerlarning ta'kidlashicha, qurg‘oqchilikdan 2 ming gektardan ko‘proq qishloq xo‘jaligi yerlariga ziyon yetgan va 70 mln peso (3,2 mln yevro) miqdorda zarar yetkazgan.

Shu sababli fermerlar ziyonning qoplanishini talab qilib, Volkswagen ustidan sudga shikoyat qilishgan. Kompaniya zambaraklarni olib tashlashga va'da bergan, mashinalarni himoyalash uchun esa bostirmalar o‘rnatishini aytgan. 

Foto: Getty Images

Volkswagen uchragan eng yirik mojaro dizel avtomobillari uchun atrof-muhitga zararli moddalar chiqarilishi ko‘rsatkichini kamaytirib ko‘rsatuvchi dasturiy ta'minot o‘rnatgani bilan bog‘liq. Bu mojaro sababli konsern turli davlatlarda bir necha milliard dollar jarima to‘lagan. Kompaniya AQShning o‘zida 25 mlrd dollar to‘lashiga to‘g‘ri kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: