O‘zbekistonda kanop yetishtirish qaytadan yo‘lga qo‘yilmoqda

Iqtisodiyot 15:00 / 16.08.2018 26195

Kanop o‘simligi qimmatbaho tolali ekin hisoblanib, undan ishlangan mahsulotlar namlikni o‘ziga tortishi va tez o‘tkazish xususiyatlari bilan boshqa texnik o‘simliklardan ustun turadi. Kanop tolasidan olinadigan iplar elektrokabel va gilam to‘qish sanoatlarida, xalq xo‘jaligida brezent, arqon, o‘t o‘chirish uchun ishlatiladigan egiluvchan  shlanglar, mebel matolari tayyorlashda xomashyo sifatida unumli qo‘llaniladi. Undan tayyorlangan qoplarda kofe va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari saqlansa, o‘z xususiyatini o‘zgartirmagan holda anchagacha turishi mumkin. Mazkur o‘simlik O‘zbekistonda avvaldan yetishtirib kelingan. Biroq yaqin yillar ichida unga bo‘lgan e'tibor bir oz susaygan edi. Davlat rahbarining Toshkent viloyatiga qilgan tashrifida berilgan topshiriqlar yuzasidan yana kanop o‘simligini yetishtirish bilan shug‘ullanish lozimligiga katta urg‘u berilib, uning ilk ijrosi sifatida viloyatning Quyichirchiq tumaniga ekilishi lozimligi belgilandi. “Kanoptola” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shavkat Miroliyev mazkur yo‘nalishdagi ko‘p yillik tajribasini amalda tadbiq etgan holda, Quyichirchiq tumani Ulug‘bek hududidagi “Mingchinor” mahallasida 50 gektarlik yer maydoniga kanop ekib, uning urug‘ligini yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati KUN.UZ’ga xabar bermoqda.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati
Foto: Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati
Foto: Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati

Ma'lumki, kanop juda nozik o‘simlik hisoblanadi. Shuning uchun, ayniqsa, hozirgi murakkab ob-havo sharoitida ekin qator oralarini tezda yumshatish va begona o‘tlarni yo‘qotish fermerlardan talab qilinadigan zaruriy choralardan biridir. O‘simlik hosildorligini oshirishda ilg‘or texnologiyalardan biri sifatida o‘g‘itlardan to‘g‘ri foydalanish hisoblanadi. Agrotexnika darajasidan tashqari o‘tmishdosh ekinlar, tuproqning agrokimyoviy, agrofizikaviy xossalari va mexanik tarkibi muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Shu sabab ko‘kpoya va urug‘lik uchun yetishtirilayotgan ertapishar kanopning 22-68 “O‘zbekiston” nomli naviga qo‘llaniladigan mineral o‘g‘itlarning miqdori va nisbatini aniqlash katta ahamiyatga ega. Shu jumladan, mineral o‘g‘itlarning miqdori 100 dan 400 kilogrammgacha berilishi lozim.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati
Foto: Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati

Kanopchilikda hosil o‘rim-yig‘imi eng sermehnat va mas'uliyatli jarayon hisoblanib, ekinning 50 foizi texnik jihatdan pishib yetilgan paytida o‘rib-yig‘ib olinadi. Bu vaqtda poyaning uchida xanjarsimon barg paydo bo‘lib, ular elastik holatga keladi, ya'ni egib ko‘rilganda kanop poyasi sinib ketmaydi. Agar ana shu muddat o‘tkazilib yuborilsa, olingan tola mo‘rt va dag‘al bo‘lib qolishi va oqibatda fermerning mehnati besamar ketishi hech gap emas. O‘rimni boshlashdan oldin o‘simlikning holatiga qarab kanopzorlar sug‘oriladi. Bunda har gektar yerga 600-650m3 suv sarflansa kifoya. Ana shunda kanop po‘stlog‘i o‘zagidan tez, oson va toza ajraladi. Bu esa mahsulotning yuqori sifatli bo‘lishini ta'minlaydi hamda hosilning unumdor bo‘lishiga yordam beradi.

Ko‘proq yangiliklar: