Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jinoyat kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tuzatishlar loyihasini ishlab chiqdi. Qonun loyihasi Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida muhokama qilinmoqda.
Norma’ning yozishicha, birinchidan, jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmaganda, telekommunikatsiyalar tarmog‘iga qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) ulanganlik uchun ma'muriy javobgarlikni joriy etish nazarda tutilmoqda. Mazkur huquqbuzarlik uchun fuqarolarga – 10 EKIHdan 20 EKIHgacha miqdorda, mansabdor shaxslarga esa 20 EKIHdan 50 EKIHgacha miqdorda jarima solish taklif qilinmoqda. Huquqbuzarlik qurollari musodara etiladi.
Ma'lumot uchun: telekommunikatsiyalar tarmog‘i – uzatishlarning bir yoki bir necha turini: telefon, telegraf, faksimil turlarini, ma'lumotlar uzatish va hujjatli xabarlarning boshqa turlarini, televizion va radioeshittirish dasturlarini translyatsiya qilishni ta'minlovchi telekommunikatsiya vositalarining majmui («Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi Qonunning 2-moddasi).
Ikkinchidan, loyihadan kelib chiqilsa, quyidagilar jinoyat alomatlari hisoblanadi:
• telekommunikatsiyalar tarmog‘iga qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) ulanishdan maqsad – undan belgilangan himoya tizimlarini aylanib o‘tgan holda foydalanish va xalqaro trafikni o‘tkazish;
• ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallangan maxsus dasturiy yoki apparat vositalarini saqlash va ular ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratish.
Ko‘rsatilgan qilmishlar uchun sanksiya sifatida 100 EKIHdan 300 EKIHgacha miqdorda jarima yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash taklif etilmoqda.
O‘sha harakatlar:
• bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
• takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
• xizmat mavqeidan foydalangan holda;
• uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb topilishi ko‘rsatilgan.
Loyiha tasdiqlansa, sanab o‘tilgan hollarda aybdorlar 300 EKIHdan 600 EKIHgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud xuddi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Uchinchidan, telekommunikatsiya tarmoqlariga qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) ulanish uchun maxsus vositalarni sotish maqsadini ko‘zlab tayyorlash yoxud sotish va tarqatish – alohida jinoyat turi. Uni sodir etganlik uchun JKning 278-3-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortish taklif etilgan.
Axborot kommunikatsiyalari vazirligining tushuntirishlariga ko‘ra, MJTKga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartirishlar, masalan, bundan tijoriy naf olishni ko‘zlamay, telefon aloqasi yoki Internetdan bepul foydalanish uchun qo‘shnilarning telefon liniyasi yoki Wi-Fi tarmog‘iga ulanuvchilarga qarshi qaratilgan.
JKga kiritiladigan tuzatishlarda tijorat asosida xalqaro so‘zlashuvlarni tashkil etish bo‘yicha qonunga xilof faoliyatga chek qo‘yish maqsadi ko‘zlangan. Shaxsiy maqsadda yoki biznes uchun axborot yoki axborot resurslariga ulanish, shuningdek VPN-tarmoqlar, VPN-kanallar, proksi-serverlardan foydalanishni cheklash masalalari tilga olinmagan.
Shu o‘rinda quyidagilarni qo‘shimcha qilmoqchimiz: oktabr oyida yangi Ma'lumotlar uzatish tarmog‘i, shu jumladan Internet xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari amal qila boshlaydi, unga muvofiq bir martalik SMS-parol va autentifikatsiyadan foydalangan holda foydalanuvchining uyali aloqa telefoni raqami yoki boshqa ro‘yxatdan o‘tkazish ma'lumotlari bo‘yicha uning shaxsi identifikatsiyalanganda Wi-Fi taqdim etiladi. Ushbu sharh muallifining fikricha, bayon etilgan tartibni buzgan holda foydalanishga telekommunikatsiyalar tarmog‘iga qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) ulanish deb qarashlari mumkin.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.