Adliya vazirligi 20 nafar baholovchiga sertifikat berilishini ta'minladi

O‘zbekiston 10:52 / 16.08.2018 2250

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 13 apreldagi PQ–3666-son qarori bilan Adliya vazirligiga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta'minlash bo‘yicha choralarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Qisqa muddat ichida Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan mazkur yo‘nalishda bir qator ishlar amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishildi.

O‘tgan uch oy davomida respublika bo‘yicha jami bo‘lib 650taga yaqin (respublika, viloyat va tuman (shahar) darajalaridagi) tashkilotlarda 7000dan ko‘p qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Qonunbuzilishlar asosan ta'lim, sog‘liqni saqlash, mehnat, kommunal xizmatlari, yer ajratish, ma'muriy javobgarlikka tortish va boshqa sohalarda yo‘l qo‘yilgan.

Yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga 290ta taqdimnomalar (70 nafar aybdor xodimga ish beruvchilar tomonidan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi), aybdor shaxslarni ma'muriy javobgarlikka tortish yuzasidan sudlarga 82ta taklif kiritildi.

Bundan tashqari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga kelgusida sodir etilishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilishlarni oldini olish 2500dan ortiq ogohnomalar kiritildi.

Aniq misollar keltiriladigan bo‘lsa, Adliya vazirligiga fuqaro U.D. Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2018 yil 22 mayda o‘tkazilgan malaka imtihoni natijalari bekor qilinganligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Mazkur holat vazirlik tomonidan batafsil o‘rganib chiqilib, tegishli amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi, natijada malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirgan 20 nafar fuqaroga, shu jumladan U.D.ga baholovchi malaka sertifikatlari berilishi ta'minlandi. Qo‘mitaning aybdor xodimiga nisbatan chora ko‘rildi.

Shuningdek, Adliya organlari tomonidan tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari, tuman (shahar) yo‘l ekspluatatsiya korxonalari, avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalari huzuridagi ekspluatatsiya liniya korxonalarining faoliyati hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 349-son qarorining bajarilishi o‘rganildi. O‘rganish davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.

Jumladan, 28 nafar fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da'vo arizalari kiritilib, 67,4 mln so‘m pul mablag‘lari undirib berildi.

Shu bilan birga, obodonlashtirish sohasini hamda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda takomillashtirish yuzasidan 11ta yo‘nalishda 40ga yaqin takliflar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan xalq ta'limi tizimi rivojlanishiga salbiy ta'sir qiluvchi salbiy omillar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan 11ta yo‘nalishda 28ga yaqin takliflar ishlab chiqilib, prezident devoni hamda hukumat idoralariga taqdim etildi.

Shu bilan bir qatorda, mamlakatimizning iqtisodiyotini yangi pog‘onaga ko‘tarish, investitsiya muhitini yaxshilash, bozorlar faoliyatini takomillashtirish, qonunchilikdagi kollizion normalarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori va farmoni loyihalari ishlab chiqilgan.

Ularning biri joriy yilning 1 avgust kuni mamlakatimiz rahbari tomonidan imzolandi, xususan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: