Jurnalistika universiteti sirtqi bo‘limi uchun test sinovlari 17 avgustda bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston 12:58 / 14.08.2018 8920

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti sirtqi bo‘limi uchun imtihonlar ijodiy va test sinovlaridan iborat bo‘lib, 13 avgust kuni ijodiy imtihonning birinchi bosqichi - suhbat bo‘lib o‘tdi. 

Bugun, 14 avgustda esa ijodiy imtihonning ikkinchi bosqichi - yozma imtihon (insho) o‘tkazilmoqda. Bunda abituriyentlarga o‘zlari tanlagan konvert ichida keltirilgan 5ta mavzudan birini tanlab, belgilangan 3 soat vaqt davomida insho yozish vazifasi berildi.

Sirtqi bo‘lim ijodiy imtihonlaridan so‘ng test imtihonlari boshlanadi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti sirtqi bo‘limi abituriyentlari uchun Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziluvchi test sinovlari 17 avgustda bo‘lib o‘tishi ma'lum qilindi. Abituriyentlarga DTM ruxsatnomalari tarqatildi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-2019 o‘quv yili uchun belgilangan qabul kvotasiga asosan, universitet sirtqi bo‘limiga 2ta yo‘nalish: Teleradiojurnalistika va Bosma OAV jurnalistikasi bo‘yicha 50 (30 nafar o‘zbek, 20 nafar rus guruhlariga) o‘rin ajratilgan. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti qabul komissiyasi sirtqi bo‘limda o‘qish istagini bildirgan 190 abituriyentdan hujjat qabul qilgan.

Sirtqi bo‘lim abituriyentlari 17 avgust kuni 2ta fan: o‘zbek tili va adabiyoti hamda chet tillaridan test sinovlarini topshiradilar.

Ko‘proq yangiliklar: