Butun dunyo bo‘ylab rivojlanayotgan mamlakatlar valyutalari kursi pasaymoqda. Bu aslida yangilik emas - dollar yil boshidan buyon ularga (Argentina, Turkiya, Janubiy Afrika, Hindiston, Rossiya, Braziliya, Vengriya, Xitoy milliy valyutalariga) nisbatan mustahkamlanib kelmoqda.
Biroq avgust oyida ko‘rsatkichlarda pasayish emas, qulash kuzatildi.
Turkiya lirasi
Masalan, yil davomida sekin-asta pasayib kelayotgan turk lirasi bir kunda (10 avgust kuni) 18 foizni yo‘qotdi, dushanba kuni - yana 7 foizni. Yil boshidan buyon pasayish esa - 45 foizni tashkil qildi. Bu Turkiya iqtisodiyotidagi kamchiliklar bilan bir qatorda mamlakatning AQSh bilan munosabatlaridagi ziddiyatlar bilan bog‘liq.
Argentina pesosi
Joriy yilda milliy valyuta pozitsiyasida jiddiy bosimga yo‘liqqan rivojlanayotgan mamlakatlardan biri Argentina bo‘ldi. Bloomberg agentligi baholariga ko‘ra, Argentina pesosi 2018 yil boshidan buyon dollarga nisbatan qiymatining 38 foizini yo‘qotgan. 13 avgust kuni Argentina Markaziy banki navbatdan tashqari yig‘ilishida foiz stavkalarining 40 foizdan 45 foizga oshirilishi haqida e'lon qildi. Stavkalar oktabr oyigacha shu ko‘rsatkichni saqlab qolishi ta'kidlanmoqda. Mamlakatdagi foiz stavkalari barcha mamlakatlar orasida eng yuqori darajani qayd qilmoqda.
Rossiya rubli
8 avgust kuni Rossiya rubli dollar va yevroga nisbatan taxminan 1,3 foizga pasaydi. Tahlilchilar RF milliy valyutasining qadrsizlanishini birja o‘yinchilarining so‘nggi kunlardagi Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning kuchaytirilishi ehtimoliga oid salbiy yangiliklar ta'siri bilan bog‘lashmoqda. Yangi sanksiyalar tasdiqlangan holatda Rossiya milliy valyutasi 66 rublgacha pasayishi ehtimoli bor, federal zayom besh yillik obligatsiyalarining daromad ko‘rsatkichlari esa 8-9 foizga yetishi mumkin.
Xitoy yuani
Xitoy yuanining pasayishi yumshoq tendensiyadan qat'iy tendensiyaga o‘tmoqda. Barchasiga AQSh va Xitoy o‘rtasidagi taranglik aybdor deb hisoblanmoqda. Aprel oyi o‘rtalaridan buyon yuan AQSh dollariga nisbatan 9 foizga pasaydi. Bu chorak asr davomidagi eng keskin ko‘rsatkich. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, Trampning ma'muriyati stavkani 10 foizdan 25 foizga oshirib, sanktsion tariflarni yana 200 milliard dollarga oshirmoqchi. Ekspertlar mazkur yo‘nalishdagi ishlarning davom etishi embargo sifatida baholanishi mumkinligini ta'kidlashmoqda.
Investorlar Donald Tramp boshqa mamlakatlar bilan naqadar qat'iy muzokaralar olib borayotganini ko‘rib, mahalliy valyutalarni sotishmoqda.
Bularning bari bir bo‘lib rivojlanayotgan mamlakatlar milliy valyutasining pasayishiga olib kelmoqda, hatto AQSh bilan ziddiyatga bormagan Indoneziya, Argentina, Janubiy Afrika, Hindiston kabi davlatlarda ham shunday tendensiya kuzatilmoqda (investorlar muammoning oldini olib, tavakkaldan qochishmoqda).
Kimdir bu vaziyatda 1998 yilgi inqirozning takrorlanishiga ishorani ko‘rsa, yana birov qo‘rqishga hojat yo‘qligi, global inqiroz bo‘lmasligini ta'kidlamoqda.