Xalq ta'limi vaziri: «Vazirlik oldida zudlik bilan hal etilishi zarur bo‘lgan 3ta masala bor»​

O‘zbekiston 14:35 / 12.08.2018 172754

​O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri davlat rahbari tomonidan talab etib qo‘yilgan tizimni tubdan isloh qilish masalasiga o‘z munosabatini bildirdi. Vazir Sherzod Shermatov bu haqda Kun.uz'ga bergan intervyusida to‘liq bayon etdi.

«Xuddi toza qog‘ozdan olib, boshqatdan yasash kerak, degan vazifa qo‘yildi. Shuning uchun ham, xalq ta'limining barcha rahbariyati almashtirilib, sohani isloh qilasizlar, degan topshiriq berilgan.

Xalq ta'limi (tizimi) oldidagi asosiy vazifalar nimalardan iborat? Birinchi navbatda, diagnoz qo‘yib olishimiz kerak. Xalq ta'limida nima muammolar bor va uni qanday hal etish kerak?! Buning uchun, biz aholiga murojaat qildik, ulardan minglab takliflar kelib tushdi. Xalq ta'limi tizimidagi xodimlar bilan muhokama qildik. Jamoatchilik kengashlari bilan suhbatlashdik va juda ko‘p muammolar mavjudligi aniqlandi.

Endi, muammolarni yechish darajasi bor. Prezident, Vazirlar Mahkamasi, viloyat, tuman va shahar hokimligi yoki maktab direktori darajasida masalalarni hal etish bo‘yicha tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ustida ish boshlangan», deydi u.

Sherzod Shermatovning ta'kidlashicha, vazirlik oldida zudlik bilan hal etilishi lozim bo‘lgan uchta katta masalalardan biri - o‘qituvchi va maktab xodimlariga jamiyatdagi e'tiborni o‘zgartirish.

«Qaysi jamiyat o‘qituvchini, xalq ta'limi tizimidagi xodimlarni hurmat qilsa, o‘sha jamiyatning kelajakda rivoji bor. Buni Prezidentimiz bir necha bor ta'kidladilar», deydi vazir.

Shuningdek, vazirlik rahbari xalq ta'limi tizimini moliyalashtirish mexanizmini qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytmoqda.

«Tizimda kim yaxshi ishlasa, yaxshi yashashga ham imkoniyati bo‘lishi lozim. Avvalgiday, yaxshi ishlagan ham, yomon ishlagan ham bir xil pul topadigan «tenglama» bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan vazifa - butun xalq ta'limi tizimini moliyalashtirish ishlarini vazirlikning o‘ziga o‘tkazish. Masalan, avval bu vazifa Moliya vazirligi zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa, endilikda bu vazifani Xalq ta'limi vazirligiga berish kerak. Shunda tegishli rag‘batlantirish mexanizmlari ham joriy etilishi kerak», deydi Shermatov.

Vazir bilan suhbatning to‘liq shaklini quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: