18-19 avgust kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi

O‘zbekiston 16:43 / 11.08.2018 23516

2018 yil avgust oyi mamlakatning barcha hududlarida obodonlashtirish va tozalik oyligi deb e'lon qilindi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi qabul qilingan.

Hujjat bilan belgilanishicha, 18-19 avgust kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. 

Umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi. Ishchi guruh obodonlashtirish va tozalik oyligi hamda umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish doirasida quyidagi tadbirlar amalga oshirilishini nazarda tutadi: 

mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar va binolar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, ko‘cha va yo‘laklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va butash;
ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, pensionerlar va nogironlar, yolg‘iz qariyalar, kam ta'minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish;
umumxalq xayriya hashari qatnashchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan ta'minlash;
joylarda obodonlashtirish ishlari o‘tkazilishi jarayonida to‘plangan chiqindilarning mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini ta'minlash.

Umumxalq xayriya hashari munosabati bilan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lar ularning o‘z tashabbusiga ko‘ra O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondining respublika boshqaruvi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limi, tuman va shahar bo‘linmalari boshqaruvlarining bankdagi hisob raqamlariga o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. 

O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondiga umumxalq xayriya hasharidan tushgan mablag‘lar 2018 yil «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, nogironlar va yolg‘iz qariyalarga, pensionerlarga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatish, fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika va hududiy kengashlarni ko‘llab-quvvatlash kabi tadbirlarga sarflanishi tavsiya etildi.

Ko‘proq yangiliklar: