Shavkat Mirziyoyev: «Toshkentga hech qachon buncha pul berilmagan» 

O‘zbekiston 17:42 / 10.08.2018 59607

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Shayxontohur tumani iqtisodiyotini rivojlantirish, uy-joy-kommunal sohadagi muammolarni hal qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Mamlakatimizda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish uchun respublika byudjyetidan yetarli mablag‘ ajratilmoqda. Prognozdan oshgan soliq tushumlari mahalliy byudjyetlar ixtiyorida qoldirilib, ularni sarflash bo‘yicha mahalliy hokimliklarga keng vakolatlar berilmoqda», - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, joriy yilda Toshkent shahrida prognozga nisbatan 2 trillion so‘mga ko‘p soliq tushib, mahalliy byudjyetda 1,5 trillion so‘mi qolishi kutilmoqda. Bu 2017 yilga nisbatan 10 barobar ko‘pdir.

«Toshkentga hech qachon buncha pul berilmagan. Biz nega 1,5 trillion so‘mni shaharning o‘zida qoldiryapmiz? To‘planib qolgan muammolarni hal qilish uchun, odamlarning maishiy sharoitlarini yaxshilash, uy-joylar, bog‘chalar qurish, ish o‘rinlari yaratish uchun. Endi joylardagi rahbarlar ham o‘zini qiynashi, sadoqat bilan ishlashi kerak. Chetdan kelib hech kim hech qachon qilib bermaydi», - dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga tashrif buyurib, bog‘ni zamonaviy parkka aylantirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishgani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: