O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida kapital bozorini rivojlantirish va milliy valyutada moliyalashtirish borasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Memorandumning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
- O‘zbekiston bank-moliya tizimini mustahkamlash;
- Respublikada kapital bozorni rivojlantirish;
- Moliyaviy takomillashtirish va qarz oluvchilar uchun moliyalashtirish manbalarini kengaytirish va diversifikatsiya qilish. Xususan, chekka hududlarda (kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari uchun) milliy valyutada moliyalashtirishni kengaytirish.
Ma'lumot uchun: YeTTB 2016 yilda kichik va o‘rta korxonalarni milliy valyutada moliyalashtirish dasturini tashkil etdi. Dastur a'zo davlatlarga islohotlarni amalga oshirishda va mahalliy kapital bozorlarini rivojlantirishda, milliy valyutada kichik va o‘rta korxonalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishda, shuningdek, milliy valyutadagi moliyalashtirish manbalariga erishishda yordam berishdan iborat.