2021 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash sovutgichlari sig‘imi 1 million tonnadan ortadi

Iqtisodiyot 22:24 / 07.08.2018 6164

​O‘zbekistonda eksport shartnomalarini tuzishning «O‘zagroeksport» AJ tomonidan e'lon qilingan narxlardan past bo‘lmagan majburiy tartibi, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarining «O‘zagroeksport» AJ rasmiy veb saytida e'lon qilingan narxlardan past bo‘lmagan, eksport kontraktlari imzolanmasdan, invoys asosida, bojxona rasmiylashtirilishi bekor qilingani haqida xabar berilgandi. 

Qishloq xo‘jaligi vaziriligi qoshidagi Oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Bahodir Rahmatullayevning fikricha, bozor iqtisodiyoti sharoitida biz yetishtirayotgan mahsulotiga oxirgi narxni iste'molchi belgilaydi.

«Ko‘p sohada biz oddiy qoidani esdan chiqarib qo‘yamiz, biz hajmga ko‘p e'tibor qaratamiz. Istardimki, dehqon va fermer eksportyorlar har yili tashkil etiladigan ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etib borsa, mahsulotlarni xalqaro talab darajasida qadoqlash, sotuvga tayyorlash, uni qutilarga joylashni o‘rganadi. Oqibatda, eksportga yo‘naltirilayotgan mahsulotlarning narxi oshadi», deydi u. 
Shuning bilan boshqarma boshlig‘i eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun majburiy talablar joriy etish foydasiz ekaniga urg‘u bermoqda. Ma'lum qilinishicha, ayni paytda O‘zbekistonda 600 ming tonna sig‘imga ega mahsulotlarni uzoq muddatga saqlash uchun ishlatilayotgan sovutgichlar mavjud.

«Agar respublikada 20 million tonnadan oshiq meva-sabzavot, poliz va uzum mahsulotlarini ishlab chiqarishimizni inobatga olib gapirsak, mavjud sovutgichlar 3 foiz tayyor mahsulotni saqlash imkoniyatini beradi. 

Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 40-60 foizni tashkil etadi. Rivojlanayotgan davlatlar, jumladan Turkiya va Eronda bu son 8-12 foiz atrofida ekani ma'lum», deydi u.

Bahodir Rahmatullayevning aytishicha, ayrim mahsulotlar barvaqt pishadi, ayrimlari bozor talabiga qarab sotuvga chiqarilishi zarur. 

«Mana shunaqa omillar hisobga olinmagan paytda fermer jabr qilishi mumkin yo bozorda narx ko‘tarilib ketadi. Shularni oldini olish uchun 2017-2021 yillarda qariyb 450 ming tonna sig‘imga ega sovutgichlarni foydalanishga topshirish rejasi ishlab chiqildi», deb qo‘shimcha qiladi u.

Agar belgilangan rejaga ko‘ra, sovutgichlar sig‘imi oshsa, 2020 yilga borib, O‘zbekistondagi dehqon, fermer va tadbirkorlar 2 million tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotini jahon standarti talablari asosida sotishga imkoniyat paydo bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: