Davlat soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilar ustidan masofaviy nazoratni kuchaytirmoqda, deb xabar berdi Kun.uz'ga DSQ matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, 2018 yilning I yarim yilligida 892 ta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar 17,2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobvaraq-fakturalarda aks ettirgani, byudjyetga shuncha miqdorda soliq tushmaganligi aniqlandi.
O‘tgan yili qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lmagan 1 764 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar hisobvaraq-fakturalarda 52,4 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini aks ettirgan va natijada byudjyetga shuncha miqdorda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanmasdan qolgani aniqlangandi.
“Bunday noqonuniy “sxema”lardan foydalanish oqibatida davlat byudjyetiga tushmasdan yashirilgan mablag‘lar jarimalar bilan birga undirib olinishidan tashqari mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari ko‘riladi”, - deyiladi xabarda.
Soliq kodeksining 118-moddasida hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish tartibini buzganlik uchun javobgarlik me'yorlari belgilangan. Unga muvofiq, soliq organlari tomonidan endilikda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha 7,8-ilova shakllarini soliq organlarida avtomatik ravishda solishtirish va qonun buzilishini aniqlashning imkoniyati yaratildi.