Plastiksiz ketchup. Biznes an'anaviy qadoqlashdan qanday voz kechmoqda?

Iqtisodiyot 07:56 / 04.08.2018 5885

Dunyodagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalardan biri Amerikaning Kraft Heinz Co. (bozor qiymati 72,31 mlrd dollar) 7 yil ichida atrof-muhitga zarar yetkazuvchi qadoqlashdan butunlay voz kechishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi. 2025 yilga borib, butun dunyo bo‘ylab Kraft Heinz tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 100 foizi qayta ishlanadigan, qayta foydalanish mumkin yoki kompost qadoqlarda sotiladi, deya xabar beradi kompaniya o‘z veb-saytida.

Yevropada 2022 yilga kelib, barcha Heinz tomat ketchupi an'anaviy plastik idishda emas, balki oziq-ovqat sanoati uchun yangi qadoq sifatida ishlov berilishi mumkin bo‘lgan materiallardan tayyorlangan qadoqda bo‘ladi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun kompaniya bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash uchun ishlatiladigan materiallarga «tajovuzkor ravishda» texnik muqobil variantlarni izlashi va bu sohadagi mutaxassislar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni va'da qildi.

Shu tariqa, Kraft Heinz Unilever, Procter & Gamble, Nestle va Colgate Palmolive kabi boshqa jahon gigantlariga qo‘shildi. Ular o‘z mahsulotlari qadog‘ini atrof-muhitga ziyon yetkazmaydigan qilib tayyorlash bo‘yicha aniq muddatlarni o‘rnatgan. Kraft Heinz’da kompaniyaning dunyodagi obro‘si uchun mas'ul bo‘lgan Karolina Krayevskining Bloomberg agentligiga ma'lum qilishicha, butun mahsulotlar qadoqlari qayta ko‘rib chiqiladi. Jumladan, Heinz ketchupi, Capri Sun sharbati va Kraft Singles pishlog‘ining an'anaviy plastik paketlari ham. Hozirgi kunda ushbu mahsulotlarning ko‘p qatlamli qadog‘ini qayta ishlash juda qiyin, chunki unda ishlatiladigan alyuminiy folga va plastikni ajratish mushkul.

Krayevskining eslatishicha, so‘nggi yillarda ham iste'molchilar, ham investorlar kompaniyadan ekologiya maqsadlarida mahsulotlarni qadoqlashni o‘zgartirishni talab qilgan. Aktsiyadorlarning oxirgi umumiy yig‘ilishida ishtirokchilarining 13%dan ortig‘i kompaniya mahsulotlari sotiladigan qadoqlarni qayta ishlash imkoniyati to‘g‘risida hisobot tayyorlash taklifini qo‘llab-quvvatladi.

H.J. Heinz kompaniyasiga 1869 yilda Pensilvaniya shtatida Jon Xaynts tomonidan asos solingan. Kompaniyaning asosiy mahsuloti - tomat ketchupi va turli xil soslar. 2013 yil fevral oyida kompaniya Braziliyaning 3G Capital investkompaniyasi va amerikalik milliarder Uorren Baffettning Berkshire Hathaway fondi tomonidan 23 milliard dollar evaziga sotib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: